Qashqadaryoda “Jihodchilar” oqimining 8 nafar aʼzosi 6-yildan 10-yil 6 oygacha ozodlikdan mahrum etildi

    Xavfsizlik 23 May 2025 599

    DXXning Qashqadaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida “Jihodchilar” diniy ekstremistik oqimining yashirin jamoati fosh etildi.

    Qayd etilishicha, Qarshi tumanida yashovchi, 1977-y.t., muqaddam Jinoyat Kodeksining 155, 159, 244 prim 1, 244 prim 2 va boshqa moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganligi uchun bir necha bor sudlangan, oʻta xavfli retsidivist Qarshi shahri hamda Qarshi tumanida istiqomat qiluvchi, 1964-1986-yillar oraligʻida tugʻilgan 7 nafar fuqaroni jalb qilgan holda noqonuniy diniy jamoat tuzgan.

    Tergov davrida aniqlanishicha, guruh aʼzolari oʻz yashash xonadonlarida yigʻilishlar oʻtkazib, “xalifalik davlati” barpo etish masalalarini muhokama qilishgan.

    Shuningdek, ular ijtimoiy tarmoqlar orqali xalqaro terroristik tashkilotlarni gʻoyaviy daʼvatchilarining jihod, hijrat, xalifalik toʻgʻrisidagi audio-video materiallarni oʻzaro bir-birlariga tarqatib, oʻz saflarini kengaytirish maqsadida boshqa fuqarolar ongiga ham ekstremistik gʻoyalarni singdirishga harakat qilishgan.

    Taʼkidlash lozimki, guruh yetakchisi va aʼzolarining 4 nafari muqaddam sodir etgan jinoyatlari uchun umrining maʼlum bir qismini panjara ortida oʻtkazgan boʻlsalarda, oʻz xatolaridan toʻgʻri xulosa chiqarishmagan.

    Jinoyat ishlari boʻyicha Qarshi tuman sudi tomonidan mazkur shaxslar tegishliligi boʻyicha Jinoyat Kodeksining 159, 244 prim 1 va 244 prim 2-moddalari bilan aybli deb topilib, ularga 6-yildan 10-yil 6 oygacha boʻlgan muddatlarga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.