Unda Buyuk Britaniya, Amerika Qo'shma Shtatlari, Yaponiya, Janubiy Koreya, Finlandiya, Kanada kabi 10 dan ortiq davlatlar oliygohlarida o'qiyotgan, nufuzli xorijiy kompaniyalarda ishlayotgan 20 ga yaqin qashqadaryolik vatandoshlarimiz ishtirok etishdi.
Uchrashuvga Qashqadaryo viloyati hokimligi rahbariyati, tuman (shahar) hokimlari, tashkilot va boshqarma boshliqlari, oliy ta'lim muassasalari rahbarlari, O'zbekistonning AQSHdagi elchixonasi vakillari va boshqa mutasaddilar taklif etildi.
Viloyat hokimi Z.Mirzaev vatandoshlarga so'nggi yillarda Qashqadaryoda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar, erishilgan natijalar va kelgusidagi rejalar, shuningdek, vatandoshlarimiz bilan o'zaro hamkorlik qilish kutilayotgan yo'nalish va loyihalar to'g'risida batafsil ma'lumot berdi.
O'zbekistonning AQSHdagi elchixonasi konsuli F.Mo'minov tashabbusni qo'llab-quvvatlashi, o'zaro hamkorlik viloyat taraqqiyoti uchun muhim ahamiyat kasb etishi, globallashuv sharoitida bunday formatda ish tashkil etish inson resurslarini har tomonlama rivojlantirish va o'zaro tajriba almashish instrumenti vazifasini o'tashini ta'kidladi.
Shundan so'ng, xorijdagi vatandoshlarimiz birma-bir so'z olib, o'zlari yashab kelayotgan davlatlarning ta'lim tizimi, sog'liqni saqlash, iqtisod, turizm, volontyorlikni qo'llab-quvvatlash, AKT sohasini rivojlantirish va boshqa bir qator sohalardagi ilg'or tajribalar to'g'risida o'z fikr-muloxazalarini bildirib, Qashqadaryoda joriy etish mumkin bo'lgan loyihalar va startaplar hamda ularni amalga oshirish uslublari to'g'risida takliflar berishdi.
Viloyat hokimining turizm va sportni rivojlantirish masalalari bo'yicha maslahatchisi A.Avazov, sog'liqni saqlash boshqarmasi boshlig'i R.Tulyakov, Axborot-texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish boshqarmasi boshlig'i S.Aripov, TATU Qarshi filiali direktori O.Turg'unovlar ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob berishdi.
Uchrashuv tashabbus, taklif va tavsiyalarga boy, konstruktiv ruhda o'tdi. eng asosiysi, vatandoshlar tomonidan bildirilgan takliflar viloyat hokimligi tomonidan mutaxassis va ekspertlar ishtirokida ko'rib chiqilib, eng muhim va dolzarb g'oyalarni amaliyotga tatbiq etish, doimiy ravishda hamkorlik aloqalarini yo'lga qo'yishga kelishib olindi.