Qashqadaryoda mast haydovchi YPX xodimining hayotiga nuqta qoʻydi

    Qashqadaryo viloyati Koʻkdala tumani IIB katta inspektori halok boʻldi. Bu haqda viloyat prokuraturasi axborot xizmati xabar bermoqda.

    Taʼkidlanishicha, shu yilning 8-iyul kuni soat taxminan 19:00lar atrofida Qashqadaryo viloyati Koʻkdala tumani IIB tezkor xodimi shu tuman “Toqchi” qishlogʻi hududidan oʻtuvchi avtomobil yoʻlida Lacetti avtomashinasi yuqori tezlikda harakatlanib ketayotganini aniqlaydi. Tezkorlik bilan chora koʻrish maqsadida tuman YHXBga xabar berdi.

    Shu yoʻnalishda xizmat olib borayotgan tuman IIB YHXB inspektori tomonidan mazkur avtomashina toʻxtatilib tekshirilganida, haydovchi 58 yoshli mast fuqaro S.B. avtomashinasidan tushib qochgan. Haydovchi uni taʼqib qilgan inspektorni yonidagi oshxona pichogʻi bilan jarohatlab, voqea joyidan yashiringan.

    Katta serjant Primov Elbek koʻrsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan ogʻir jarohatlaridan koʻp qon yoʻqotishi oqibatida vafot etgan.

    Jinoyat sodir etgan fuqaro Koʻkdala tumani hududida hibsga olindi.

    Haydovchisiga nisbatan Jinoyat kodeksining 97 (Qasddan odam oʻldirish) va 219 (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik koʻrsatish) moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.