Qashqadaryo viloyatining olis hududlaridan biri – Mirishkor tumanidagi “Gulshanbog'” mahalla fuqarolar yig'ini hududidagi “Tojikiston” oilaviy shifokorlik punktida dastlabki ishini boshlagan mobil poliklinika samaradorligiga bag'ishlab ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun media-tur tashkil etildi.
Media-tur davomida maxsus jihozlangan mobil poliklinikadagi zamonaviy tibbiy uskunalar orqali chekka hudud aholisi tibbiy ko'rikdan o'tkazildi.
Mobil poliklinika Qashqadaryo viloyat sog'liqni saqlash boshqarmasi mas'ullarining tavsiyalari asosida Turin politexnika universiteti mutaxassislari ko'magida Samarqanddagi avtomobil zavodida tayyorlangan. Unga antropometriya (bo'y va vazn o'lchash) jihozlaridan tortib, eng zamonaviy, aniqlik darajasi juda yuqori bo'lgan laboratoriya tahlil uskunalari, mobil diagnostika ul`tratovush apparati, 3 kanalli, sensorli elektrokardiograf, ginekologik tekshiruvlarga mo'ljallangan raqamli videokal`poskop singari noyob texnikalar o'rnatilgan.
– Asosan viloyatning olis hududlarida istiqomat qiluvchi aholi vakillariga xizmat ko'rsatishga mo'ljallangan mobil poliklinikamiz bugun ilk bor ish boshladi, – deydi Qashqadaryo viloyat sog'liqni saqlash boshqarmasi boshlig'i Ravshan Tulakov. – Endilikda tajribali shifokorlardan iborat ishchi guruhimiz mobil poliklinikada muntazam ravishda olis manzillarda ish olib boradi.
O'ziga xos qulayliklarga ega “Isizu NPR 82L” rusumli mobil diagnostika avtobusini xarid qilish uchun 348 million so'm, uni tibbiy xizmatga moslashtirish uchun 245 million so'm, tibbiy uskunlar (EKG, UZD, bioximik analizator, glyukometr va boshqa uskunalar) bilan jihozlash uchun 300 million so'm sarflangan.
Eng asosiysi, xalq salomatligi uchun tashkil etilgan ushbu mobil poliklinika kelgusida o'z tajribasini oqlasa boshqa viloyatlarda ham ish boshlashi mumkin.
Akbar RAHMONOV