Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar qildi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Mirishkor tumani boʻlimi tomonidan Qarshi shahridagi “Xontepa” MFY hududida oʻtkazilgan tezkor tadbirda qonunga xilof ravishda tamaki mahsulotlari savdosi bilan shugʻullanib kelgan I.N. “L.E.” MCHJga qarashli savdo doʻkonida turli nomdagi jami 2 052 quti umumiy bahosi 70 mln soʻmlik tamaki mahsulotlarini sotish maqsadida saqlab kelayotganligi aniqlanib, ushbu tamaki mahsulotlari ashyoviy dalil sifatida olingan.
Shuningdek, Departamentning Gʻuzor tuman boʻlimi, IIB va soliq inspeksiyasi xodimlari hamkorligida “Xoʻjaguzar“ MFY hududidagi savdo doʻkonida oʻtkazilgan tezkor tadbirda fuqaro O.S. noqonuniy alkogol va tamaki mahsulotlari savdosi bilan shugʻullanib kelayotganligi aniqlanib, 42 turdagi 1030 dona isteʼmolga yaroqsiz alkogol va 16 turdagi 1804 quti tamaki mahsulotlari ashyoviy dalil sifatida olingan.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-1-moddasi (etil spirti, alkogolli mahsulot va tamaki mahsulotini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish yoki muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.