Majburiy ijro byurosining maʼlum qilishicha, Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro K.Meyliyev sud qaroriga binoan 2024-yildan buyon bir nafar farzandi uchun aliment toʻlab keladi. Ijro harakatlari davomida Byuroning Qamashi tuman boʻlimi tomonidan xorijga chiqish huquqlari cheklangan.
Shu sabab, aliment toʻlovchi sudga murojaat etib, xorijga safar qilishi zarurligini bildirgan. Shuningdek, oldindan 5-yillik toʻlovni amalga oshirgan holda ijro etish usuli va tartibini oʻzgartirishni soʻragan. Sud ajrimi bilan 2030-yil 1-aprel kuniga qadar hisoblangan 108 mln. soʻm aliment toʻlovlarini bir yoʻla toʻlash sharti bilan ijro etish usuli oʻzgartirilgan.
60 oy uchun moʻljallangan 108 mln. soʻm miqdoridagi aliment toʻlovlari joriy yilning 26-mart kuni undiruvchi G.Ibraximovaga topshirilgach, K.Meyliyevning mamlakat hududidan chiqish uchun cheklovlari bekor qilindi.