Bu haqda Qashqadaryo viloyati Ekologiya boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi.
Ushbu tur Oʻzbekiston Respublikasi “Qizil kitobi”ga kiritilgan boʻlib, “Oʻrta Osiyo choʻl toshbaqasi” hisoblanadi. Noyob endemik tur hisoblangan ushbu toshbaqalar mamlakatimizning barcha adirliklarida uchraydi. Mustahkamlashgan qumlar, sertuproq choʻllarda yashab, togʻda dengiz sathidan 1300 metr balandlikkacha koʻtariladi. Baʼzan vodiydagi siyrak maysali dashtlar va qishloq xoʻjaligi yerlari (shudgor, poliz va dalalar) da ham uchraydi.
Ikkinchi Jahon urushi davrida Oʻrta Osiyo toshbaqasi goʻshtidan koʻp miqdorda konservalar tayyorlashda foydalanilgan. Toshbaqalarning antropogen omillar taʼsirida yashash joylari oʻzgarishi va yoʻq qilinishi (yaylovlardan chorvachilik maqsadida uzoq yillardan beri haddan tashqari koʻp foydalanish, qoʻriq yerlarning oʻzlashtirilishi, tijorat (eksport) maqsadida toshbaqalarni ovlash va tuxumlarini terish, jumladan, brakonyerlar tomonidan turli noqonuniy maqsadlarda terib olinishi) natijasida ushbu tur kamayib ketmoqda.
Manbalarda keltirilishicha, soʻnggi 60 yil mobaynida xoʻjalik faoliyati yuritilishi natijasida toshbaqaning yashash joylari 1,5 million gektarga qisqarib ketgan. Bugungi kunga kelib mazkur turning tabiiy populyatsiyasini saqlab qolish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi “Qizil kitobi”ning yangi nashriga kiritilgan.
Brakonyerlar tomonidan viloyatdan noqonuniy ravishda olib chiqib ketilayotgan toshbaqalar boʻyicha belgilangan tartibda huquqiy koʻrib chiqish maqsadida tegishli hujjatlar rasmiylashtirildi. Viloyat atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi tomonidan tegishli hujjatlarni rasmiylashtirilgan holda ekologik muhofaza hududi hisoblangan Buxoro ixtisoslashtirilgan Jayron pitomnigiga toshbaqalar topshirish uchun joʻnatildi.