Qashqadaryo viloyatining Muborak tumanida “Ijobat” gaz kondensatli koni ochildi. Yangi konning ochilishi soʻnggi bir necha oy davomida olib borilgan geologiya-qidiruv ishlari natijasi hisoblanadi.

“Qashqadaryo hududida har yili 25 milliard kubdan ortiq gaz qazib chiqarilgan boʻlsa, atigi 4-5 milliard kub atrofida zaxira yaratilardi. Joriy yilda oʻnta strukturada ish olib boryapmiz, hududning oʻzida kamida 20 milliard kub zaxira yaratishni maqsad qilganmiz. Buning uchun barcha imkoniyatlarimiz yetarli va bu borada sohada yetakchi boʻlgan davlatlar bilan samarali hamkorlik qilib kelyapmiz”, – dedi “Oʻzbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi Mehriddin Abdullayev.

Joriy yilning 19-mart holatiga koʻra, “Ijobat-1” qudugʻi 2021 metr chuqurlikkacha burgʻilandi va ushbu jarayonda mahsuldor qatlamning 2021-1708 metr chuqurlik oraligʻidan sanoat miqyosidagi tabiiy gaz oqimi olindi.

Quduqdan olingan tabiiy gazning dastlabki erkin kunlik debiti 200 ming metr kubni tashkil etadi.

Maʼlumot oʻrnida aytish mumkin, “Ijobat” maydonining oʻlchami 10,5 kvadrat/kilometrni tashkil etib, tabiiy gaz resursi 5 milliard 632 million/m3 va kondensat resursi esa 248 ming tonnani tashkil etadi.

Joriy yil yakuniga qadar, “Ijobat” konida “Oʻzbekneftgaz” AJ boʻyicha 2021-yilga moʻljallangan uglevodorod xomashyo bazasini rivojlantirish va qayta hosil qilish dasturi doirasida yana ikkita izlov quduqlarida burgʻilash ishlarini olib borish rejalashtirilyapti.

Istiqbolli hududlardagi 19 ta yangi maydonda burgʻilash ishlari olib borilishi rejalashtirilgan boʻlib, shundan Muborak neft gaz qazib chiqarish boshqarmasi hududlarida joriy yilning bugungi holatida ushbu maydonlardan uchtasida burgʻilash (“Ijobat”, «Razzoqbobo», “Chorbogʻ”), bittasida (“Istiqbol”) burgʻilash dastgohining montaj ishlari olib borilyapti, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati.