Qashqadaryoda tarbiyachi bolaning boshiga qaynoq suv toʻkib yubordi

    Voqea-hodisalar 11 Aprel 2025 1040

    Holat yuzasidan viloyat Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi maʼlumot berdi.

    Qayd etilishicha, holat Qashqadaryo viloyati Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi nazoratiga olingan boʻlib, oʻrnatilgan tartib asosida oʻrganilmoqda.

    Maʼlumotlarga koʻra, holat shu yilning 6-fevral kuni Gʻuzor tuman 4-DMTT katta guruh tarbiyalanuvchisi N. M. hamda DMTTda faoliyat yurituvchi Sh.Y. (tarbiyachi), D. X.(tarbiyachi) eʼtiborsizligi oqibatida sodir boʻlgan.

    Maʼlum boʻlishicha, shu kuni soat 12:00 lar atrofida tarbiyalanuvchilarni tashqaridan ichkariga tushlik vaqtiga saf bilan olib kirilayotganda Sh.Y. hamda tarbiyalanuvchi N. M. ni toʻqnashishi oqibatida qaynagan suv uning peshona chap yonoq sohasi qismiga toʻkilgan.

    Mazkur holat davomida DMTT xamshirasi Sh. M. tomonidan zudlik bilan birinchi tez tibbiy yordam koʻrsatilgan. Shundan soʻng, tarbiyalanuvchi N. M. ni otasi chaqirtirilib, DMTT xodimlari ishtirokida Gʻuzor tuman shoshilinch tez tibbiyot birlashmasiga olib borilgan.

    Bundan tashqari Tibbiyot birlashmasi kuzatuv va tekshiruv oʻtkazgandan soʻng, tarbiyalanuvchi va otasi tibbiyot birlashmasidan ketib qolganini №554 maʼlumotnomada keltirib oʻtgan.

    Shuningdek, tarbiyalanuvchi N. M. ni tibbiy koʻriklardan oʻtkazilishi, uning sogʻligini tez tiklashi uchun DMTT masʼullari tomonidan ham moliyaviy yordam koʻrsatilgan.

    Hozirda oʻz vazifasiga sovuqqonlik bilan qaragan taʼlim tashkiloti masʼul xodimlariga taʼsir chorasi qoʻllanilishi yuzasidan hujjatlar toʻplanib xizmat tekshiruvi oʻtkazilmoqda.

    Bundan tashqari mazkur holat yuzasidan Gʻuzor tuman Prokuraturasi tomonidan ham oʻrnatilgan tartib asosida oʻrganish ishlari amalga oshirilmoqda.

    Oʻrganishlar yakuniga doir qoʻshimcha axborot beriladi.