Qashqadaryoda “tez yordam” haydovchisi kaltaklandi

    Salomatlik 13 Dekabr 2023 796

    Qashqadaryo viloyati sogʻliqni saqlash boshqarmasi axborot xizmatining maʼlum qilishicha, Chiroqchida “tez yordam” haydovchisi kaltaklandi.

    Chiroqchi tumani “Tez tibbiy yordam” boʻlimiga shu yilning 12-dekabr kuni soat 17:10 da “Qahramon” mahalla fuqarolar yigʻiniga qarashli Xoʻjaqoʻrgʻon qishlogʻida yashovchi, 1962-yilda tugʻilgan ayol tomonidan qon bosimining koʻtarilishi shikoyati bilan chaqiriq berilgan. 8 kilometrlik masofaga “Tez tibbiy yordam” brigadasi soat 17:24 da yetib borgan.

    Xonadonda bemorning oʻgʻli ekani taxmin qilinayotgan shaxs “Tez tibbiy yordam” haydovchisi bilan janjallashib, uning yuz qismiga jarohat yetkazgani aytilmoqda. Shunday vaziyatda ham tibbiy brigada aʼzosi boʻlgan hamshira oʻz burchini bajarib, avval bemorga, soʻng haydovchiga birinchi yordam koʻrsatgan. Avtomashinani chaqiriqdan ortiga qaytarish uchun boshqa haydovchi chaqirtirishga toʻgʻri kelgan.

    Holat yuzasidan ichki ishlar idoralariga xabar berilgan. Ayni paytda vaziyat viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi nazoratiga olingan.