Maʼlum qilinishicha, Y.R. Yakkabogʻ tumani, “Sheroziy” mahalla fuqarolar yigʻinidagi uyda qonuniy nikohida boʻlgan turmush oʻrtogʻi R.E. bilan bir xonadonda yashab kelib, taxminan 2014-yil mart oyidan boshlab 2024-yil 22-aprel kuniga qadar turmush oʻrtogʻini xiyonatda ayblab, u bilan doimiy nizolashib kelgan.
Erkak 22-aprel kuni soat taxminan 20:00 larda mast holatda yashash uyining hovlisidagi supada dam olib yotganida, turmush oʻrtogʻi G.Raximovaning telefonda gaplashib, suhbatdoshiga erini nazarda tutib “iflos uyda, ertaga ishga ketganidan keyin gaplashamiz” degan gaplarini eshitib qolgan.
Shundan soʻng uni oʻldirish maqsadida hovlidagi 1 litr hajmli yelim idish (baklajka)da turgan benzinni olib, turmush oʻrtogʻi oʻtirgan uyga kirgan. Ikki kelini, voyaga yetmagan oʻgʻli hamda beshikda yotgan nevaralarining koʻz oʻngida ularning hayotini xavfga solib, ayolga “seni oʻldirmasam, qutulmas ekanman” deb, uning yuz va koʻkrak qismlariga baklashdagi benzinni sepib, oʻta shafqatsizlik bilan yoqib yuborgan va yonayotgan turmush oʻrtogʻiga yordam berish chorasini koʻrmasdan, hodisa joyidan koʻchaga chiqib ketgan.
Shu yerda boʻlgan kelinlari hamda oʻgʻli suv sepib olovni oʻchirib, tez yordam mashinasida Yakkabogʻ tuman shifoxonasiga olib kelgan hamda tibbiyot xodimlarining koʻrsatgan malakali yordami natijasida ayolning hayoti saqlab qolingan.
Erkak sudda aybiga iqrorligini va chin dildan pushaymonligini, jabrlanuvchidan ham kechirim soʻraganini, jabrlanuvchining daʼvosi yoʻqligini inobatga olib, suddan ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazo tayinlashni soʻradi.
Aybdor Jinoyat kodeksining 25,97-moddasi 2-qismining “d, j” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topildi va unga shu modda bilan Jinoyat kodeksining 57-moddasini qoʻllab, 10-yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.