Qashqadaryoda yashirin yogʻ sexi aniqlandi

    Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Kitob tumani boʻlimi va IIB xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirlarda qariyb 150 litr isteʼmolga yaroqsiz yogʻ mahsulotlari dalil sifatida olingan.

    Qayd etilishicha, oʻtkazilgan tezkor tadbirda tumandagi “Sevaz“ MFYda yashovchi M.M. va Shahrisabz shahri “Sinabogʻ“ MFYda yashovchi A.U. oʻz uylarining yordamchi xonalarida tashkil etgan yashirin sexlarida yogʻ ishlab chiqarish bilan shugʻullanib kelayotganliklari aniqlandi.

    Tadbir davomida 140 litr isteʼmolga yaroqsiz yogʻ, 326 kg. chigit, 4 dona juvoz uskunasi va boshqa ishlab chiqarishda foydalanilgan tovar moddiy boyliklari ashyoviy dalil sifatida olingan.

    Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-2-moddasi (chigitdan olinadigan mahsulotni qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish yoki muomalaga kiritish) bilan jinoyatlar ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.