Qashqadaryodagi gaz-zapravkada portlash sodir boʻldi

    Qashqadaryo viloyatining Qarshi tumanidagi avtomobillarga suyultirilgan gaz quyish shoxobchasida “Kamaz-512” rusumli avtomobilidan gaz saqlash yomkostiga gaz quyish vaqtida yongʻin kelib chiqqan.

    Holat boʻyicha Favqulodda vaziyatlar vazirligi maʼlumot berdi.

    Shu yilning 7-oktyabr kuni soat 15:45 da Qashqadaryo viloyati, Qarshi tumani “Dasht” MFY hududidan oʻtuvchi, “Gʻuzor-Qarshi” avtomobil yoʻlida joylashgan avtomobillarga suyultirilgan gaz quyish shoxobchasida “Kamaz-512” rusumli avtomobilidan gaz saqlash yomkostiga gaz quyish vaqtida gaz-havo aralashmasining chaqnashi sodir boʻlgan. Chaqnash oqibatida yongʻin yuzaga kelgan.

    Shunga koʻra, 4 ta yongʻin-qutqaruv ekipaji soat 15:56 da hodisa joyiga yetib borib, yongʻin soat 16:00 da oʻrab olingan va soat 16:45 da batamom oʻchirilgan.

    Yongʻin oqibatida shoxobcha binosining 22 kv.m maydonda tom qismi yonib zararlangan.

    Yongʻin oqibatida tan jarohati olgan va vafot etganlar yoʻq.

    Hozirda yongʻin sababi va moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.