Qashqadaryodagi maktablarda virtual laboratoriyalar tashkil qilinadi

    Meta Quest 3 koʻzoynaklari orqali, tarix fani oʻtilayotgan boʻlsa, darslikda keltirilgan tarixiy shaharlarga bevosita sayohat qilish, biologiya darsida esa odam organizmi bilan jonli tanishish mumkin.

    Qayd etilishicha, kelgusida Qashqadaryo viloyatidagi maktablarda ham xuddi mana shunday virtual laboratoriyalar tashkil etilishi mumkin. Lekin eng avvalo bu turdagi raqamli texnologiyalarni oʻquvchilarga oʻrgatuvchi pedagog xodimlarni tayyorlash lozimligi aytilgan.

    Virtual laboratoriya – bu oʻquvchilarga haqiqiy laboratoriya muhitida ishlash imkonini beruvchi dasturiy taʼminot. Oʻquvchilar virtual oʻquv muhitida simulyatsiyalar orqali tajribalarni amalga oshiradi, maʼlumotlarni tahlil qiladi va natijalarni oʻrganadi.

    Interaktiv dasturiy vositalar oʻquvchilarni digital taʼlimga jalb qilish, onlayn darslarni tashkil qilish va oʻquv jarayonlarini yanada qiziqarli qilish imkonini beradi. Shuningdek, oʻquvchilarni baholashni osonlashtiradi va oʻqituvchilarga oʻqish jarayonini yaxshilashga yordam beradi.

    Virtual laboratoriyalarning afzalliklari xavfli kimyoviy moddalar bilan ishlashning hojati yoʻq, xavfsiz amaliyot oʻtkazish imkoniyati bor, anʼanaviy laboratoriya uskunalariga qaraganda ancha arzon. Har qanday vaqtda va joyda foydalanish imkoniyati mavjud boʻlib, atomlar hamda molekulalarning oʻzaro taʼsirini katta oʻlchamda kuzatish mumkin. Koʻproq tajriba oʻtkazish, natijalarni tezroq olish imkoniyatini beradi.

    Hozirda markazga 16 dona mana shunday Meta Quest 3 koʻzoynaklari keltirilgan va ushbu yoʻnalish boʻyicha poytaxtda tajriba orttirib kelgan mutaxassislar viloyatdagi maktablarning pedagog xodimlariga oʻz tajribalarini ulashmoqda.

    Loyihaning keyingi bosqichlarida barcha maktablarda mana shunday virtual laboratoriyalar tashkil etiladi va ushbu yoʻnalishda mahoratini oshirgan pedagog xodimlar oʻquvchilarga taʼlim tarbiya berishi moʻljallangan.