Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryodagi xususiy klinikada 28 yoshli ayol vafot etgani haqida xabarlar tarqalmoqda.
Qashqadaryo viloyati sogʻliqni saqlash boshqarmasi matbuot xizmati mazkur xabarlar yuzasidan oʻrganishlar asosida quyidagilarni maʼlum qildi.
«2024-yil 6-noyabr kuni Shahrisabz shahridagi xususiy klinikalardan biriga 1996-yilda tugʻilgan B.N ismli ayol oʻtkir tonzillitdan shikoyat qilib, turmush oʻrtogʻi bilan kelgan.
Shifokor soʻzicha, “Bemorning tomoq qismiga seftriakson antibiotigini boʻyinning ikkala yon tomoniga joʻnatgan. Inyeksiya bajarib boʻlingan zahoti bemor oʻzini yomon his qilib, qayt qilgan va anafilaktik shokka tushgan”i ehtimol qilinmoqda. Shifokor bemorni yonbosh holatga yotqizib, birinchi yordam koʻrsatishiga qaramay, ahvoli ogʻirligicha qolgan. Tez tibbiy yordam xizmati brigadasi kelib, zarur yordamlarni koʻrsatib, Shahrisabz shahar tibbiyot birlashmasi reanimatsiya boʻlimiga olib kelgan. Bemorda koʻrik vaqtida hayot alomatlari aniqlanmagan. Shifokorlar tomonidan bemorda biologik oʻlim holati qayd etilgan.
Hozirda holat yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilayotganini maʼlum qilamiz.
Shuningdek, Sogʻliqni saqlash boshqarmasi tomonidan ushbu tadbirkorlik subyekti faoliyati yuzasidan xizmat tekshiruvi oʻtkazish uchun Biznes ombudsmanga murojaat qilindi. Kerakli ruxsat olingandan soʻng, tekshiruv natijalari haqida qoʻshimcha maʼlumot beriladi«, deyiladi rasmiy munosabatda.