Qashqadaryodagi “zapravka” portlashida halok boʻlgan va yaralanganlarga tovon puli toʻlanadi

    Koʻkdaladagi portlashda halok boʻlgan toʻrt nafar fuqaro oila aʼzolariga 100 million soʻmdan kompensatsiya toʻlab berilmoqda.

    Joriy yil 16-iyul kuni Qashqadaryo viloyati Koʻkdala tumanida gaz zapravka portlashi oqibatida toʻrt kishi halok boʻlgan. Maʼlumotlarga koʻra, fojiada vafot etgan va jarohatlanganlarga tovon pullari toʻlab berilmoqda.

    Koʻkdaladagi portlashda halok boʻlgan toʻrt nafar fuqaro oila aʼzolariga 100 million soʻmdan kompensatsiya toʻlab berilmoqda. Shuningdek, turli darajada tan jarohati olgan 15 nafar fuqaroga 50 million soʻmdan moddiy yordam koʻrsatilmoqda. Bu haqda tuman hokimligi axborot xizmati “Kun.uz”ga maʼlum qilgan.

    Aniqlanishicha, gaz toʻldirish stansiyasi rahbari ham yongʻin oqibatida vafot etgan. Portlash natijasida shoxobcha hovlisidagi konteynerlardan biri restoran hududiga uchib tushgan va natijada restoranda ham yongʻin boshlangan. U yerda ham vafot etganlar bor.

    16-iyul kuni Koʻkdala tumani tibbiyot birlashmasiga kuyish tan jarohatlari bilan yetti nafar bemor shifoxonaga keltirilgan. Ulardan ikki nafarining holati ogʻir va reanimatsiyaga yotqizilgan. Besh nafari turli darajadagi tan jarohatlari bilan murojaat qilgan. Kerakli tibbiyot mutaxassislari jalb etilgan. Maʼlum boʻlishicha, shifoxonadagi bemorlarning barchasi stansiyada ishlovchi xodimlar boʻlgan.

    Gaz zapravkadagi portlash yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Jinoyat ishi doirasida sud-tibbiy, yongʻin kelib chiqishini aniqlash boʻyicha sud-kimyoviy, biologiya, kriminalistika va yongʻin texnikaviy ekspertizalari tayinlangan.