Qashqadaryolik isteʼmolchilarini elektr energiyasi bilan taʼminlash 11,4 foizga oshiriladi

    Energetika 23 Sentabr 2020 570

    Energetika vazirligi maxsus Shtabi Qashqadaryo viloyati isteʼmolchilarini 2020-2021-yillar kuz-qish mavsumida elektr energiyasi bilan taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida ushbu viloyatga bordi.

    Maxsus Shtab Qarshi shahar, Nishon, Gʻuzor, Qamashi, Yakkabogʻ, Shahrisabz shahri va Muborak tumanlaridagi transformator punktlarida, 35-500kV podstansiyalarida hamda elektr uzatish tarmoqlarida olib borilayotgan ishlar bilan tanishib, bajarilishi lozim boʻlgan ishlar yuzasidan tegishli koʻrsatma va topshiriqlar berdi.

    Qashqadaryo viloyati isteʼmolchilariga kuz-qish mavsumida jami 2 935,4 million kVt soat elektr energiyasi yetkazib beriladi. Bu oʻtgan mavsumga nisbatan 11,4 foizga koʻpni tashkil qiladi.

    Isteʼmolchilarni elektr energiyasi bilan taʼminlash uchun 26,2 ming kilometr elektr uzatish tarmoqlari va 8 884 ta transformator punktlaridan foydalaniladi.

    Joriy yil 1-oktyabrga qadar 2 097,2 kilometr elektr uzatish tarmoqlari va 701 ta transformator punktlari mukammal taʼmirlanadi. Bugungi kunda viloyat isteʼmolchilarini kuz-qish mavsumida elektr energiyasi bilan ishonchli taʼminlash uchun 22 ta transformator punkti, 19,5 tonna transformator moyi va 59,4 kilometr kabel mahsulotlarining zaxirasi yaratildi, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati.