Osori atiqalarga boy diyorimiz sayyohlik salohiyati va imkoniyatlari borasida dunyoda oʻzining munosib oʻrniga ega. Qadimiy shaharlarimizni koʻrish, betakror meʼmoriy obidalar, tabarruk qadamjolarni ziyorat qilish, nodir tabiat goʻzalliklaridan bahramand boʻlish, azaliy anʼana va qadriyatlarimiz bilan tanishish istagidagi sayyohlar soni yildan-yilga ortmoqda.
Turizm xizmatlari sifatini yaxshilash va sayohatchilar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, xizmat turlarini koʻpaytirish, mehmon uylari, turizm qishloqlarining barpo etilayotgani soha rivojidan dalolat. Qashqadaryo viloyat turizmni rivojlantirish hududiy boshqarmasi va Yoshlar ishlari agentligining viloyat boshqarmasi hamkorligida oʻtkazilgan uchrashuvda ayni mavzuga eʼtibor qaratildi.
Uchrashuvda asosan pandemiya davridan keyin Qashqadaryoda sayyohlarni qabul qilish imkoniyatlari, turistik manzillar, shuningdek, yoshlar tadbirkorlik qilishi mumkin boʻlgan oʻrmonlar, togʻli joylar haqida soʻz yuritildi. Viloyatda yoshlar turizmini rivojlantirish, nafaqat ichki turizm, balki, xorijlik sayyohlarni ham jalb qilish imkoniyatlari muhokama etildi.