Qatar JCh-2022 uchun qancha mablagʻ sarfladi?

    Qatar boʻlajak mundial uchun 208 milliard yevro sarflab ulugrdi, bu 2018-yilda Rossiyadagi koʻrsatkichdan 17-marta koʻproq.

    “The Sun” nashrining xabariga koʻra, Qatar JCH-2022 uchun 208 milliard yevro atrofida mablagʻni sarflab ulgurgan, bu JCH-2018 dagidan 17-marta koʻproq degani. Rossiya oʻzi oʻtkazgan musobaqa uchun 11,6 milliard funt (taxminan 13 milliard yevro) ishlatgan.

    Solishtirish uchun: 2014-yil Braziliya 15 milliard funt (taxminan 17 milliard yevro), 2010-yil JAR esa 3,6 milliard funt (taxminan 4 milliard yevro) sarflagan.

    Musobaqaning aloqa ishlari boʻyicha direktori Fatma Al-Nuaymi Qatar bu pullarni nimalarga sarflaganini tushuntirib berdi.

    "Jahon chempionati Qatarning 2030-yilgacha moʻljallangan milliy rivojlanish loyihasiga kiritilgan. Bu davlat darajasidagi katta strategiya. Bu orqali shaharlar, sanoat va butun mamlakat boʻylab xizmat koʻrsatish sohasida oʻsish, taʼlim va sogʻliqni saqlash tizimi yaxshilanishi rejalashtirilgan.

    Koʻp bor JCH bilan birga tilga olinayotgan 200 milliard dollar (taxminan 208 milliard yevro) aslida milliy rivojlanish strategiyasi va Qatarning rivojlanishidek katta maqsadlarni koʻzlagan ana shu loyihaga tegishlidir.

    2022-yil foydalaniladigan katta koʻlamdagi infratuzilma obyektlari, misol uchun yoʻllar, metro, aeroport, mehmonxonalar va boshqa koʻplab turistik obyektlar biz JCHni oʻtkazish huquqini qoʻlga kiritishimizdan avval rejalashtirib boʻlingandi", – degan Al-Nuaymi.