Qatar konferensiyasi: Sunʼiy intellekt va inson huquqlari

    27-28-may kunlari Qatar poytaxti Doha shahrida “Sunʼiy intellekt va inson huquqlari: imkoniyatlar, xavf-xatarlar va yorqin kelajak tasavvuri” mavzusida xalqaro konferensiya boʻlib oʻtdi. Forumda Oʻzbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etdi.

    Xalqaro konferensiya Qatar Inson huquqlari boʻyicha milliy qoʻmitasi tomonidan oʻtkazildi. Tadbir BMT Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari Boshqarmasi, BMT Taraqqiyot dasturi va Inson huquqlari boʻyicha milliy institutlar global alyansi koʻmagida tashkil etildi.

    Konferensiyada dunyoning 70 dan ortiq mamlakatidan 400 dan ortiq ishtirokchi jam boʻldi. Xalqaro anjuman ishida, jumladan, hukumatlar, inson huquqlari boʻyicha milliy institutlar, xalqaro tashkilotlar, akademik tuzilmalar, xususiy sektor vakillari, shuningdek, raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellekt sohasi ekspertlari qatnashdi.

    Anjuman davomida Oʻzbekiston delegatsiyasi rahbari – Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, BMT Inson huquqlari boʻyicha qoʻmitasi aʼzosi Akmal Saidov sunʼiy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish sohasidagi milliy tajriba haqida toʻxtaldi. U inson huquqlari himoyasini va axloqiy jihatlarni hisobga olgan holda cunʼiy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish muhimligini taʼkidladi.

    A.Saidov Oʻzbekistonda 2030-yilgacha sunʼiy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish boʻyicha Milliy strategiya tasdiqlangani, unda texnik ustuvor vazifalar bilan bir qatorda raqamli transformatsiyaning ijtimoiy va axloqiy jihatlariga ham eʼtibor qaratilganini qayd etdi.

    Bugungi kunda mamlakatda IT-kompetensiyalar va raqamli koʻnikmalarni rivojlantirishga qaratilgan milliy dasturlar faol amalga oshirilib kelyapti. Shuningdek, sunʼiy intellekt toʻgʻrisidagi qonun birinchi oʻqishda qabul qilingan.

    Konferensiya doirasida inson huquqlari, axloq va barqaror rivojlanish sohasidagi xalqaro standartlar asosida sunʼiy intellektni tartibga solish boʻyicha muvozanatli yondashuvlar ishlab chiqildi.

    Oʻzbekiston delegatsiyasining ayni Forumdagi ishtiroki, bir tomondan, mamlakatning global inson huquqlari kun tartibidagi faol ishtirokini anglatadi. Ikkinchi tomondan, bu ishtirok davlatimizning xalqaro muloqotni mustahkamlash, qonun ustuvorligi, ochiqlik tamoyillarini ilgari surish va inklyuziv raqamli ekotizimni yaratishga qaratilgan izchil tashqi siyosat strategiyasini ham aks ettiradi.

    Forum dasturida raqamli yechimlarning inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarga muvofiqligini taʼminlaydigan siyosat va strategiyalarni shakllantirishda inson huquqlari boʻyicha milliy institutlar roliga alohida eʼtibor qaratilgan. Oʻzbekiston delegatsiyasi tegishli shoʻba majlislarida ishtirok etib, raqamlashtirish sharoitida inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi milliy tajribani taqdim etdi.

    Konferensiya 28-mayda sunʼiy intellekt texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy etishda inson huquqlariga rioya qilish boʻyicha tavsiyalarni oʻz ichiga olgan Yakuniy hujjatni qabul qilish bilan yakunlanadi.


    Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi

    Milliy markazi matbuot xizmati.