Jahon tojdori Magnus Karlsen, reyting yetakchilari Xikaru Nakamura, Anish Giri, Arjun Erigasi singari dunyo shaxmat yulduzlari ishtirok etgan musobaqa bosh sovrini hamyurtimiz Nodirbek Yakubboyevga nasib etdi.

Nodirbek chempionlik uchun kechgan hal qiluvchi tay-brek uchrashuvida jamoadoshi Nodirbek Abdusattorovni 2:0 hisobida magʻlubiyatga uchratdi. Abdusattorov turnir vitse-chempioniga aylandi. Uchinchi oʻrindagi hind shaxmatchisi singari 6,5 ochko jamgʻargan Javohir Sindarov qoʻshimcha koʻrsatkichlarga koʻra 4-oʻrinni band etdi.    

Shu tariqa, shov-shuvli tarzda Qatar Masters Chess-2023 turniri gʻolibiga aylangan Nodirbek Yakubboyev bosh sovrin bilan birga 25 000 AQSH dollari miqdoridagi mukofot pulini ham qoʻlga kiritdi.

Musobaqaning umumiy mukofot jamgʻarmasi 108 ming 250 dollarni tashkil etadi. Ikkinchi oʻrin sohibi Nodirbek Abdusattorov 15 000, 4-oʻrinni band etgan Javohir Sindarov esa 7500 AQSH dollariga ega boʻldi.