Qatar delegatsiyasining respublikaga tashrifi Oʻzbekiston va Qatar oʻrtasida havo qatnoviga doir Hukumatlararo bitim tuzish, shuningdek, ikki mamlakat oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri yoʻlovchi aviaqatnovlarni yoʻlga qoʻyish masalalarini ishlab chiqish bilan bogʻliq sanaladi.
Uchrashuv davomida Oʻzbekiston turizmi sohasini rivojlantirish, zamonaviy infratuzilma va turizmning yangi turlarini rivojlantirish, respublikaga xorijiy sayyohlar oqimini bosqichma-bosqich qayta tiklash uchun zarur shart-sharoitlar yaratish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida mehmonlarga maʼlumot berildi.
Shuningdek, Qatar tomoni Oʻzbekiston hukumatining hududiy aeroportlarda “ochiq osmon” rejimini joriy qilinishi, xorijiy aviakompaniyalar tomonidan charter reyslarini tashkil etishni ragʻbatlantirish maqsadida “ash-bak” mexanizmlarini qoʻllash kabi aviatsiya bozorini liberallashtirish boʻyicha qarorlari bilan tanishtirildi.
Uchrashuvda Qatar fuqaro aviatsiyasi xizmati departamenti boshligʻi Muhammad Faleh Alxajri mamlakatimizning ulkan sayyohlik salohiyati hamda boy tarixiy-madaniy merosga egaligi Qatar fuqarolarida yuqori qiziqish uygʻotishini taʼkidlab oʻtdi. Uning fikricha, Oʻzbekiston bilan Qatar oʻrtasida havo qatnovi toʻgʻrisidagi bitim imzolanishi ikki mamlakat oʻrtasidagi hamkorlik aloqalarini yana-da faollashtirish, sayyohlik va ishbilarmonlik almashinuvini jadallashtirilishiga xizmat qiladi.
“ Qatar Airways” departamenti rahbari Salam Al-Samarriy aviakompaniyaning Oʻzbekistonga parvozlarni amalga oshirish va respublikaning mintaqaviy aeroportlarida joriy qilingan “ochiq osmon” rejimidan foydalanishga, jumladan, Fors koʻrfazining boshqa mamlakatlaridan ham sayyohlarni jalb qilishga yuqori qiziqish bildirdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar oʻzaro hamkorlik bitim loyihasi yuzasidan mavjud masalalarni tezkor hal etilishi, imzolanishi hamda hamkorlikni rivojlantirish, turizm sohasida yangi loyihalarni amalga oshirishga doir muloqotni davom ettirishga kelishib oldi, deb xabar beradi Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati.