Qatardagi vatandoshlarimiz Oʻzbekistonning 2024-yilgi Davlat dasturi loyihasini muhokama qildi

    Suhbat 7 Fevral 2024 1357

    Joriy yil 6-fevralda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov Qatarda yashayotgan vatandoshlarimiz bilan uchrashdi.

    Muloqot asnosida Yangi Oʻzbekistonda inson qadrini joyiga qoʻyish borasida amalga oshirilayotgan ijtimoiy-siyosiy, huquqiy-maʼrifiy va madaniy-gumanitar islohotlarning mazmun-mohiyati hamda ahamiyati haqida fikr yuritildi.

    Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 23-moddasiga koʻra, “Oʻzbekiston Respublikasi oʻz hududida ham, uning tashqarisida ham oʻz fuqarolarini himoya qilish va ularga homiylik koʻrsatishni kafolatlaydi. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi Oʻzbekistondan tashqariga majburiy chiqarib yuborilishi yoki boshqa davlatga berib yuborilishi mumkin emas. Davlat xorijda yashayotgan vatandoshlar bilan aloqalarni saqlab qolish hamda rivojlantirish toʻgʻrisida xalqaro huquq normalariga muvofiq gʻamxoʻrlik qiladi”.

    Oʻz navbatida, shu kunlarda mamlakatimiz keng jamoatchiligi tomonidan “Oʻzbekiston–2030” strategiyasini 2024-yil – “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi loyihasi qizgʻin muhokama etilyapti. Ushbu muhim hujjat loyihasida xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarni ragʻbatlantirish bilan bogʻliq muayyan dolzarb vazifalar ham koʻzda tutilgan.

    Bu oʻrinda, jumladan, “Oʻzbekistonlik vatandoshlar butunjahon qurultoyi”ni tashkil etish va uni yuqori saviyada oʻtkazish; “Vatandoshlar” jamoat fondi huzurida xorijda murakkab hayotiy vaziyatga tushib qolgan vatandoshlarga masofadan turib kun-tun xizmat koʻrsatuvchi onlayn elektron portalni ishga tushirish; xorijdagi vatandoshlar orasida “Birlashamiz” umumiy chorlovi ostidagi madaniy-maʼrifiy tadbirlarni tashkil etish kabi ezgu maqsadlar haqida soʻz bordi.

    Tadbirda soʻzga chiqqan vatandoshlar davlatimiz rahbariyati xorijdagi oʻzbekistonliklarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlayotganini eʼtirof etdilar. Oʻzlariga koʻrsatilayotgan bunday gʻamxoʻrlik uchun minnatdorlik bildirdilar.

    Muloqot asnosida “Oʻzbekiston–2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi loyihasi qoʻllab-quvvatlandi. Qatar davlatida yashayotgan vatandoshlarimiz loyiha yuzasidan oʻz amaliy takliflarini bildirdilar.

    Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi

    Milliy markazining matbuot xizmati.