Qator transport vositalari utilizatsiya yigʻimidan ozod qilindi

    Transport 2 Noyabr 2020 1158

    Vazirlar Mahkamasi 29.10.2020-yildagi “Koronavirus pandemiyasi davrida tashqi iqtisodiy faoliyat, turizm va qurilish sohalarini qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 665-son qarorni qabul qildi.

    Tashqi iqtisodiy faoliyat, turizm va qurilish sohalarida faoliyat yurituvchi tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash hamda avtotransport vositalari parkini yangilash va modernizatsiya qilish uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida qator transport vositalari 2022-yil 31-dekabrga qadar utilizatsiya yigʻimini toʻlashdan ozod qilindi.

    Quyidagilarga utilizatsiya yigʻimining nol stavkasi qoʻllaniladi:

    • yuk tashish uchun moʻljallangan, “Yevro-5” va undan yuqori ekologik toifa talablariga mos keladigan shatakchi avtomobillar (TIF TN kodi 8701 20, ishlab chiqarilganiga 4 yildan oshganlari bundan mustasno), shuningdek, tirkamalar va yarim tirkamalar (TIF TN kodlari 8716 31, 8716 39, ishlab chiqarilganiga 5 yildan oshganlari bundan mustasno);
    • yuk tashish uchun moʻljallangan yangi transport vositalari (TIF TN kodlari 8704 22, 8704 23) hamda maxsus moʻljallangan yangi transport vositalari (TIF TN kodi 8705 10, 8705 40, 8705 90);
    • haydovchi bilan birga 10 va undan ortiq yoʻlovchilarni tashish uchun moʻljallangan, “Yevro-5” va undan yuqori ekologik toifa talablariga mos keladigan transport vositalari (TIF TN kodi 8702, ishlab chiqarilganiga 4 yildan oshganlari bundan mustasno);
    • xalqaro tashkilotlar bilan davlatlararo, hukumatlararo bitimlarga asosan xayriya yordami maqsadlarida olib kiriladigan transport vositalari.

    Vazirlar Mahkamasining “Gʻildirakli transport vositalari, oʻziyurar mashinalar va ularning tirkamalari uchun utilizatsiya yigʻimini joriy etish toʻgʻrisida” 2020-yil 2-iyundagi 347-son qaroriga tegishli oʻzgartirishlar kiritiladi.

    Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 30.10.2020-yildan kuchga kirdi.

    Lola Abduazimova.