Biz kinoijodkorlar hamisha qalban Oʻzbekistonning har bir burchagidamiz, bugun texnika rivojlangan, internet asrida nafaqat yurtimiz, balki dunyoning har bir burchagida yashayapmiz, desam xato boʻlmaydi. Olis Qoraqalpogʻistonning biror ovulida kimdir “Ilhaq”ni koʻrar ekan men ham qalban oʻsha joydaman, kimdir ummon ortida, mayli telefonda boʻlsin biror oʻzbek filmini tomosha qilarkan biz ham oʻsha tomonlarda yashayotgandek boʻlamiz.

Bugun “Kinokarvon” Sirdaryo viloyatida katta tadbirda ishtirok etyapti. Sirdaryoliklarga koʻplab yangi-yangi filmlar namoyish etyapmiz. “Kinokarvon” degan nomning oʻziyoq bu tadbirning haqiqiy sanʼat, maʼrifat, madaniyat tantanasi ekanidan dalolat beradi. Va bu loyihaning ayni shu kunlarda butun mamlakatda tashkil etilgani ham quvonarli hol. Serquyosh, saxovatpesha diyorimizning har goʻshasida rizq-baraka, toʻkinlik, toʻyu shodiyona boʻlayotgan bir pallada biz kinoijodkorlar ham xalqimizning hurmat-eʼtiboriga “labbay” deb javob berib, tumanlarda, mahallalarda tashkil etilayotgan ijodiy uchrashuvlarda ishtirok etyapmiz.

“Yangi Oʻzbekistonda el aziz, inson aziz” shiori ostida taniqli aktyor, aktrisalar, yosh kinoijodkorlar birlashib, butun mamlakat boʻylab Yangi Oʻzbekistonimizdagi islohotlarning mazmun-mohiyati, erishilayotgan yutuqlar, xalq farovonligi uchun har birimiz burchli ekanmiz, sanʼat, madaniyat haqida davra suhbatlari tashkil etilib, xalq bilan jonli muloqot qilyapmiz. Qolaversa konsert dasturlari, film namoyishlari ham yurtdoshlarimiz uchun manzur boʻlyapti. Guvohi boʻlyapmanki, ijodkorlarni hamma joyda hurmat bilan, qiziqish bilan kutib olishyapti. Bayramlar shukronalik shukuhida, yuqori kayfiyatda oʻtyapti."

Kinematografiya agentligi Axborot xizmati