Qayroqqum suv ombori yorilmagan

    Xavfsizlik 15 Yanvar 2021 4619

    Tojikistondagi “Bahri tojik” suv ombori bilan bogʻliq hech qanday muammo yoʻq.

    14-yanvar kuni yarim tunda ijtimoiy tarmoqlarda Tojikiston hududida joylashgan “Bahri tojik” (Qayroqqum) suv ombori yorilishi natijasida suv toshqini sodir boʻlganligi toʻgʻrisida yolgʻon xabarlar tarqaldi.

    “Bahri tojik” suv omboridagi gidroelektr stansiyasi direktori Fayzulla Azizovning maʼlum qilishicha, suv omborida hech qanday muammo yoʻq, barcha inshootlar texnik soz holatda. Gidroelektr stansiyasidagi agregatlar odatdagi tartibda ishlab turibdi. Barcha inshootlarning xavfsizligi nazoratga olingan. Suv ombori atrofidagi hududlarda yashovchi aholi sarosimaga tushib, xavfsiz hududlarga koʻchib oʻtayotgani haqidagi xabarlar ham asossiz.

    Bugungi kunda Qayroqqum suv omborining suv hajmi 3 milliard 443 million kub/metr boʻlib, suv omboriga suvning kirishi sekundiga 892 kub/metr, suvning chiqishi esa sekundiga 880 kub/metrni tashkil etadi. Suv omborida oxirgi oʻn kunlik davomida suv toʻplash va suv chiqarishda hech qanday keskin oʻzgarish kuzatilmagan.

    Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligida kechayu — kunduz faoliyat yuritadigan navbatchilik tashkil qilingan hamda dispetcherlik xizmati doimiy ishlab turibdi. Shuningdek, respublikamizdagi barcha yirik suv inshootlarining xavfsiz ishlashi yana bir bor nazoratdan oʻtkazildi.

    “Bahri tojik” suv omborining suv hajmi oʻzgarishi boʻyicha qoʻshni Tojikiston Respublikasi suv xoʻjaligi organlari, Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda “Oʻzgidromet” markazi bilan muntazam aloqalar oʻrnatilgan boʻlib, suv omborining ishlash rejimi boʻyicha har soatlik monitoring yuritib borilyapti, deb xabar beradi Suv xoʻjaligi vazirligi matbuot xizmati.

    Eslatib oʻtamiz, “Bahri tojik” suv ombori suvidan Oʻzbekistonning Toshkent viloyati Bekobod tumani, Sirdaryo va Jizzax viloyatlari hamda qoʻshni Qozogʻiston Respublikasining ekin maydonlarini sugʻorishda foydalaniladi.