Bugun 2020-yil 19-avgust kuni mazkur ish Qoʻmita maxsus komissiyasining navbatdagi yigʻilishida koʻrib chiqildi va quyidagilar aniqlandi. Jumladan, “UZAUTO MOTORS” AJ tomonidan:

ishlab chiqarilayotgan yengil avtomobillarning bazaviy ulgurji va chakana sotish narxlarining shakllantirilishida xarajatlarni asossiz oshirib kiritish orqali monopol yuqori narx qoʻllanilganligi va natijada yengil avtomobillarning narxlari oʻrtacha 10,29 foizga oshirib shakllantirilganligi,

Isteʼmolchilarga yengil avtomobillarni dilerlar orqali realizatsiya qilishda Isteʼmolchilar va xoʻjalik yurituvchi subyektlarning huquqlari va manfaatlarini kamsitishga olib keladigan harakatlarni sodir etganlik, shu jumladan shartnoma predmetiga taalluqli boʻlmagan shartlarni, raqobatning cheklanishiga olib keladigan yoki olib kelishi mumkin boʻlgan boshqa harakatlarni sodir etganlik hamda avtomobillarni realizatsiya qilish bozoriga boshqa xoʻjalik yurituvchi subyektlarning kirishiga toʻsiqlar qoʻyish orqali ustun mavqeyini suiisteʼmol qilish holatlarini sodir etganligi aniqlandi.

Maxsus komissiya tomonidan yuqoridagi holatlar atroflicha oʻrganilib, “UZAUTOMOTORS” AJga qonun buzilish holatlarini bartaraf etish toʻgʻrisida bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatma berildi.

Unga asosan, “UZAUTOMOTORS” AJga:

Birinchidan, jamiyat tomonidan ishlab chiqarilayotgan yengil avtomobillar narxini shakllantirishda tovarning narxiga xomashyo va materiallarga, yoqilgʻi-energetika resurslariga va haqiqatda amalga oshirilmagan xarajatlarni, amalda yuz bermagan mehnat xarajatlarini va boshqa xarajatlar yoki bajarilmagan ishlarni kiritish orqali monopol yuqori narx qoʻllanilishi quyidagi harakatlar bilan, jumladan 2020-yil mart oyida tasdiqlangan, bugungi kunda amalda boʻlgan va isteʼmolchilarga realizatsiya qilingan:

– “Spark” rusumli avtomobil LS M/T modifikatsiyasi chakana narxidan 3 002 010 soʻm va LT A/T modifikatsiyasi chakana narxidan 3 563 704 soʻm;

– “Nexia 3” rusumli avtomobil LT M/T modifikatsiyasi chakana narxidan 3 112 039 soʻm va LTZ A/T modifikatsiyasi chakana narxidan 3 792 325 soʻm;

– “Cobalt” rusumli avtomobil LT M/T modifikatsiyasi chakana narxidan 4 404 493 soʻm va LTZ A/T modifikatsiyasi chakana narxidan 10 526 707 soʻm;

– “Gentra” rusumli avtomobil SX M/T modifikatsiyasi chakana narxidan 13 825 248 soʻm, SX M/T CNG modifikatsiyasi chakana narxidan 13 718 618 soʻm va CDX A/T Plus modifikatsiyasi chakana narxidan 19 806 932 soʻm;

– “Damas” rusumli avtomobil DLX modifikatsiyasi chakana narxidan 15 458 984 soʻm, VAN modifikatsiyasi chakana narxidan 15 746 315 soʻm va Labo modifikatsiyasi chakana narxidan 13 052 930 soʻm asossiz kiritilgan xarajatlar chegirish va ushbu mablagʻlarni isteʼmolchilarga qaytarishi lozim.

Ikkinchidan, yengil avtomobillarni sotish boʻyicha kelgusidan (mazkur qaror qabul qilingandan boshlab) tuziladigan shartnomalar yuqorida qayd etilgan asossiz xarajatlarni chegirish orqali shakllantirilgan narxlar asosida, yoxud jamiyatning marketing strategiyasidan kelib chiqib yengil avtomobillarning narxlari oʻrtacha 10,29 foizdan kam boʻlmagan darajada va tannarxdan 942 891 108 031 soʻm miqdoridagi asossiz xarajatlarni kamaytirishni inobatga olgan holda amalga oshirilishi taʼminlash.

Jamiyat tomonidan yuqoridagilarni inobatga olgan holda yengil avtomobillarning qayta koʻrib chiqilgan yangi tasdiqlangan narxlari Qoʻmitaga taqdim etish.

Uchinchidan, jamiyat tomonidan ishlab chiqarilayotgan yengil avtomobillar isteʼmolchilarga faqat “UzAvtoSavdo” dasturi orqali tuzilgan shartnomalarning ketma-ketlik navbatiga qatʼiy rioya qilgan holda realizatsiya qilinishi taʼminlash.

Toʻrtinchidan, eksportga yoʻnaltirilgan avtomobillar eksportga qilinmagan yoki eksportdan qaytgan taqdirda ichki bozorga dilerlar orqali sotishda teng taqsimlanishi taʼminlash.

Beshinchidan, faoliyat yuritayotgan dilerlar va diler sifatida faoliyat yuritish istagida boʻlgan barcha tadbirkorlik subyektlariga nisbatan bir xil shartlar qoʻyilishi taʼminlansin, shuningdek raqobatning cheklanishiga olib keladigan yoki olib kelishi mumkin boʻlgan harakatlar sodir etmaslik.

Oltinchidan, “Azimavtomotive” MCHJ bilan dilerlik shartnomasidan 10 mlrd soʻm miqdorida oldindan toʻlov oʻtkazish sharti chiqarib tashlash.

Yettinchidan, alohida maxsus aksiyaga tushgan avtomobillarni muddatli toʻlov asosida sotish boʻyicha dilerlardan distribyutorlik shartnomasini tuzish taklifi bildirilganda barcha ishtirokchilarga teng shartlar asosida shartnoma tuzilishi taʼminlash majburiyatlari yuklatildi.

Mazkur qaror ustidan bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi hayʼatiga yoki tegishli maʼmuriy sudga shikoyat qilinishi mumkinligi tushuntirildi.

Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi Matbuot xizmati