Shu kunlarda jamoalar tarkibni aniqlab, oʻrtoqlik uchrashuvlari oʻtkazyapti. Shu bilan birga, futbol mutaxassislari qaysi jamoa chempion boʻlishi mumkinligi haqida oʻz fikrlarini, taxminlarini ham bildirmoqda.

“Tottenhem”ning sobiq bosh murabbiyi, yangi mavsumda “Roma”ni boshqarishga tayyorgarlik koʻrayotgan Joze Mourinyo Fransiya milliy jamoasining imkoniyatlari yuqori ekanligini aytdi.

“...Chempionatda kim gʻolib boʻlishini aytish lozim boʻlsa, men Fransiyani koʻrsatgan boʻlardim. Chunki ularning tarkibi fantastik darajada kuchli, kuchsiz chiziqning oʻzi yoʻq. Fransuzlar gʻolib boʻlishlari shart. Aks holda bu turnirni ular uchun omadsiz oʻtdi, deya baholash lozim boʻladi”, deb yozdi u The Sunʻdagi kolonkasi.

Londonning “Arsenal” klubi sobiq bosh murabbiyi Arsen Vengerning fikricha ham ayni paytda qitʼadagi eng kuchli jamoa Fransiya.

“Fransiya – superfavorit. Bu soʻzlar, hatto, jamoaning kuchini toʻliq ifodalay olmaydi. Fransiya – amaldagi jahon chempioni. Jamoa tarkibida Kante, Pogba, Benzema, Grizmann, Koman, Jiru va Dembele bor. Tarkibning yarmini hali aytmadim.

Didye Desham qoʻl ostidagi zaxira oʻrindigʻida dunyoning istalgan jamoasida asosiy tarkibda oʻynay oladigan yana 11 nafar futbolchi bor. Fransiya – chempion, bu jamoa endi oʻzining eng choʻqqisiga chiqadi”, – deya Vengerning soʻzlarini keltirmoqda Sky Sports.

Chempionatda Fransiya guruhdan chiqish uchun Germaniya, Vengriya va Portugaliya milliy jamoalari bilan kurash olib boradi.