Qaysi rahbar raqamlashtirishni kechiktirsa – ochiqlik siyosatimizga qarshi chiqqan boʻladi — Prezident

    Prezident xizmatlar sohasida raqobatbardoshlikni oshirish bevosita hudud va tarmoqlarni raqamlashtirish darajasi bilan bogʻliqligini taʼkidladi.

    Kadastr agentligiga koʻchmas mulk manzillarining yagona reyestrini tez fursatda oxiriga yetkazish, Transport vazirligiga barcha turdagi yoʻlovchi transportiga chipta olish imkonini beradigan yagona platformani ishga tushirish kechikayotgani koʻrsatib oʻtildi.

    «Takror aytaman. Qaysi rahbar raqamlashtirishni kechiktirsa – ochiqlik siyosatimizga qarshi chiqqan boʻladi», — dedi Prezident.

    Vazirlar Mahkamasiga har bir vazir va hokimga raqamlashtirish boʻyicha alohida KPI, aniq vazifa va muddatlarni belgilab berish topshirildi.

    Misol uchun, Turizm qoʻmitasi turistlar mehmonxona, dam olish maskanlarini “bron” qilish, avia va temir yoʻl, muzey, teatrga chipta sotib olish, gid va tarjimonlarni yollash kabi xizmatlarni masofadan turib olish imkonini beradigan yagona platformani ishga tushirishi lozim.

    Yoki, Tashqi ishlar va Adliya vazirliklari Oʻzbekistonga kirish uchun elektron vizani 3 kunda rasmiylashtirish imkonini yaratishi kerak.