Sogʻliqni saqlash vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tizimlaridagi davlat ilmiy tashkilotlari 2021-yil 1-iyundan boshlab bazaviy moliyalashtirishga oʻtkaziladi.
Hujjat bilan Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan bazaviy moliyalashtirishga oʻtkaziladigan davlat ilmiy tashkilotlari roʻyxati va ularning shtat birliklari jadvali tasdiqlandi.
Ushbu tashkilotlarni saqlash harajatlari 2021-yilda Innovatsion rivojlanish vazirligiga davlat ilmiy dasturlari doirasida bajariladigan ilmiy loyihalarni moliyalashtirishga ajratilgan byudjet mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi. 2022-yildan esa ular Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutiladi.
Bazaviy moliyalashtiriladigan davlat ilmiy tashkilotlarida ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida bajariladigan fundamental va amaliy tadqiqotlar hamda innovatsion loyihalar boʻyicha ustama xarajatlar hisoblanmaydi.
Bundan tashqari, qarorda davlat byudjeti hisobidan qoplanadigan ilmiy tashkilotlarning xarajatlari turlari keltiriladi, xususan:
- boshqaruv xodimlari ish haqi;
- majburiy sugʻurta badallari;
- kommunal xizmatlar toʻlovlari;
- telekommunikatsion, xizmat safari xarajatlari va boshqalar.
Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 27.05.2021-yildan kuchga kirdi, deya xabar berdi “Norma”.