Nizom bojxona hududida qayta ishlash bojxona rejimidan foydalanish tartibini belgilaydi.

Tovarlar bojxona hududida qayta ishlash bojxona rejimiga Bojxona kodeksi hamda qayta ishlash ruxsatnomasi asosida joylashtiriladi.

Ruxsatnoma olish uchun vakolatli shaxs Bojxona qoʻmitasining rasmiy veb-sayti orqali qayta ishlash operatsiyalari amalga oshiriladigan hududdagi bojxona organi, shuningdek maxsus turdagi tovarlarni qayta ishlash boʻyicha Bojxona qoʻmitasiga ariza taqdim etadi.

Ruxsatnoma berish toʻgʻrisidagi arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:

  • ishlab chiqarish jarayoni toʻgʻrisida maʼlumot;
  • vakolatli shaxs tomonidan aniqlangan qayta ishlash mahsulotlarining chiqish normasi;
  • tovarni qayta ishlash mahsulotlarida identifikatsiya qilishning vakolatli shaxs tomonidan belgilangan usuli boʻyicha maʼlumoti;
  • qayta ishlash operatsiyalari uchun zarur boʻlgan shartnomalar.

Bojxona organi ariza va unga ilova qilingan hujjatlarni 10 ish kunida koʻrib chiqadi.

Ruxsatnoma arizada koʻrsatilgan muddatga beriladi. Biroq ushbu muddat 2-yildan ortiq boʻlmasligi lozim.