Hisob palatasi hay'atining navbatdagi yig'ilishida davlat moliyaviy nazorati organlari va ichki audit xizmatlari faoliyatining I-yarim yillikdagi natijalari hamda byudjet qonunchiligi buzilishining oldini olish yuzasidan amalga oshirilgan ishlar samaradorligi muhokama qilindi. Bu haqida Palata axborot xizmati xabar berdi.

Hisobot davrida 2022-yil 1-yanvardan boshlab joriy etilgan “Davlat auditi” dasturiy kompleksi orqali tekshirishlarni o'zaro muvofiqlashtirish natijasida 251 ta takroriy va asossiz nazorat tadbirlarining oldi olingani ma'lum qilindi.

Masofaviy va onlayn nazoratni keng ko'lamda qo'llagan holda samarasiz nazorat tadbirlarini qisqartirish bilan bir vaqtda ularning sifatini oshirish bo'yicha bir qator ishlar amalga oshirilgan. Respublika bo'yicha o'tkazilgan nazorat tadbirlarining soni o'tgan yilning mos davriga nisbatan 35 foizga kamayib, 3 639 tani tashkil etdi.

Mamlakatimizda “Davlat auditi” dasturiy kompleksi ishga tushgani va uning vositasida erishilayotgan ijobiy natijalar haqida Yevropa Oliy audit organlari tashkiloti (EVROSAI)ning Axborot texnologiyalari bo'yicha maxsus byulleteni hamda Rossiya Hisob palatasining “Monitoring” nashrida qayd etilib, yuqori baholandi.

Shu bilan birga, Hay'at yig'ilishida sohada qator tizimli kamchiliklarga yo'l qo'yilayotgani keskin tanqid ostiga olindi.

Xususan, Xalq ta'limi, Sog'liqni saqlash, Maktabgacha ta'lim, Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirliklari, Moliya vazirligi huzuridagi Davlat moliyaviy nazorati Inspektsiyasi tomonidan nazorat tadbirlarini “Davlat auditi” dasturiy kompleksida ro'yxatga olish va ularning natijalarini kiritish borasida xato-kamchiliklarga yo'l qo'yilgan.

Ayrim holatlarda bitta xato-kamchilik 2 ta nazorat organi hisobotlarida aks ettirilib, takroriy hisobga olinish va ularning miqdori sun'iy ravishda oshirilishiga sabab bo'lmoqda.

Xususan, Hisob palatasi tomonidan “Davlat auditi” dasturiy kompleksi ma'lumotlari asosida samaradorligi past nazorat tadbirlari natijalari bo'yicha obyektlar faoliyati qayta nazoratdan o'tkazilganda, avvalgi nazorat tadbirlarida aniqlanmay qolgan moliyaviy huquqbuzarliklar mavjudligi ma'lum bo'ldi.

Misol uchun, Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasining Samarqand viloyati boshqarmasi tomonidan 6 yillik faoliyati tekshirilib, 6,5 mln so'mlik moliyaviy huquqbuzarlik aniqlangan Samarqand tuman kasb-hunar maktabining faoliyati Hisob palatasi tomonidan masofaviy o'rganilib, 470,3 mln so'mlik moliyaviy xato-kamchiliklar aniqlangan.

Xuddi shunday, boshqarma tomonidan Urgut tumani hokimligining 6 yillik faoliyati tekshirilib, 18,9 mln so'm ish haqi va mukofot ortiqcha to'langani aniqlagan bo'lsa, Hisob palatasi o'tkazgan nazorat tadbirida 997,2 mln so'm mablag' moddiy rag'batlantirish uchun ortiqcha sarflangani aniqlandi.

Bugungi kunda ushbu holatlarning oldini olish yuzasidan tegishli choralar ko'rildi, nazorat tadbiri materiallari huquqiy baho berish uchun huquqni muxofaza qilish organlariga yuborildi.

Kelgusida ham byudjet mablag'laridan foydalanilishini nazorat qilishga doir vazifalarning davlat moliyaviy nazorati organlari va ichki audit xizmatlari tomonidan samarali bajarilishi borasida nazorat tadbirlari davom ettiriladi.