Tadbirda vazirlikning tarmoq korxonalarida innovatsion ekotizimni shakllantirish boshqarmasi, Energetika vazirligi, “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ, “Energiya” hududiy koordinatsion-dispetcherlik markazi, “Elektr energiyasini hisobga olishni avtomatlashtirish” filiali mutasaddi rahbarlari, mutaxassislar, Fanlar akademiyasining Fizika-texnika va Materialshunoslik institutlari, Qayta tiklanuvchi energiya manbalari milliy ilmiy-tadqiqot instituti, Toshkent davlat texnika universiteti olimlari ishtirok etdi.Anjumanda elektr energiyasi ishlab chiqarilishini avtomatik hisobga olish, maʼlumotlar bazasini hamda quyosh va shamol manbalari ishlab chiqarayotgan energiya miqdorini prognozlash tizimini yaratish masalalari koʻrib chiqildi.

Qayta tiklanuvchi energiya manbalari asosida ishlaydigan yangi elektr stansiyalari ishga tushirilayotganini inobatga olib, yuqorida koʻrsatilgan masalalar boʻyicha yechimlar kelgusida mamlakat energiya tizimining barqaror ishlashiga yordam beradi.Innovatsion rivojlanish vazirligi qayta tiklanuvchi energiyani prognozlash tizimini joriy etish boʻyicha aniq chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun manfaatdor vazirlik va idoralarni jalb qilishda tashabbus koʻrsatmoqda.

Elektr energiyasini ishlab chiqarishni aniq rejalashtirish hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini mavjud energiya tizimiga samarali integratsiya qilish maqsadida tabiiy-iqlim sharoitini inobatga olgan holda qayta tiklanuvchi energiyani prognozlash tizimini qoʻllash xorijda standart amaliyot hisoblanadi.

Tadbirda qayta tiklanuvchi energiyani ishlab chiqish miqdorini prognozlash tizimini xorijiy davlatlarda samarali joriy etish amaliyotining asosiy natijalari tahlil qilindi.