Qayta tiklanuvchi energiya manbalari asosidagi qurilmalarni xarid qilish bank koʻmagida amalga oshiradi

    Energetika 12 Avgust 2022 1238

    Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi huzuridagi Tarmoqlararo energiyani tejash jamgʻarmasi va AT “Xalq banki” oʻrtasida aholiga energiya tejamkor va qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini xarid qilish uchun yashil isteʼmol kreditlari ajratish yoʻnalishida Bosh kelishuv imzolandi.

    Ushbu bitim Energetika vazirligi huzuridagi Tarmoqlararo energiyani tejash jamgʻarmasi ijrochi direktori Elzod Raxmanov va AT “Xalq banki” Boshqaruvi raisi oʻrinbosari Dilshod Qutliyev tomonidan imzolandi.

    Kelishuv doirasida Bank Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan aholiga energiya tejamkor va qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini sotib olish uchun Markaziy bankning asosiy stavkasidan oshmagan holda 5 yil muddatga yashil isteʼmol kreditlari ajratish rejalashtirilgan, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati.

    Ushbu kredit mablagʻlarini ajratish orqali aholining energiya resurslariga tobora oshib borayotgan talabini qondirishga va atrof muhitga zararli gazlar ajralishini kamaytirishga erishiladi.