Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyev raisligida joriy yilning 10-iyun kuni oʻtkazilgan iqtisodiyot tarmoqlari, aholi va ijtimoiy soha obyektlarida qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan keng foydalanish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yigʻilishidagi topshiriqlardan kelib chiqib, mazkur koʻrgazma Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi hamda “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi tomonidan tashkillashtirildi.

Maʼlumki, davlat rahbari yil yakuniga qadar 2 107 ta bogʻchada, 1 ming maktabda, 1 071 ta oilaviy shifokorlik punktlari, poliklinika va shifoxonalarda, 1 mingta mahallada tashkil etilayotgan yangi tibbiyot punktlarida, 200 ta sanatoriy va boshqa dam olish maskanlarida quyosh elektr panellari va suv isitish qurilmalari oʻrnatilishi lozimligi vazifasi belgilab berildi.

Mazkur tadbirda tuman (shahar) hokimlari, ularning yordamchilari, shuningdek, Shahrisabz shahriga yaqin hududlar, xususan Kitob, Chiroqchi, Shahrisabz hamda Qamashi tumanlaridagi xoʻjalik yurituvchi subyektlar qatnashdi.

Qayta tiklanuvchi energiyadan foydalanishni kengaytirish hamda keng tadbiq etish boʻyicha tashkil etilgan koʻrgazmada ishlab chiqaruvchi va yetkazib beruvchi 25 ta tadbirkorlik subyektlari oʻz mahsulotlari bilan ishtirok etishdi.

Navbatdagi bunday tadbir Surxondaryo viloyatida tashkil qilinadi.