Tuman adliya bo'limi xodimlarining aniqlashlaricha, XTBga qarashli mazkur 43 ta maktabda faoliyat yuritayotgan 72 nafar kadrlar inspektorlariga kadrlar inspektori lavozimida ishlayotgan davriga, ya'ni 2020 yilda 2 razryad bo'yicha, 2021 yilda esa 5 razryad bo'yicha ish haqi to'lab kelingan.
O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 6 sentyabrdagi “Mehnat bozorida mehnat munosabatlarini tartibga solishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi 743-sonli qarorining 4-ilovasiga asosan, O'zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag'lari hisobiga saqlanadigan tashkilotlarda band bo'lgan xizmatchilarning keng tarqalgan lavozimlari xodimlari ayrim toifalari mehnatiga haq to'lash bo'yicha razryadlar belgilangan bo'lib, unga ko'ra oliy ma'lumotli muhandislar, mutaxassislar va inspektorlarga 7 razryad, oliy ma'lumotli bo'lmagan mutaxassislar va inspektorlarga esa 6 razryad bo'yicha maosh to'lanishi belgilangan.
Mazkur qaror talablari buzilishi oqibatida, 72 nafar kadrlar inspektorlariga jami 151 million 268 ming 890 so'm ish haqi kam to'langan.
Qibray tumani adliya bo'limi tomonidan 72 nafar xodimning manfaatini ko'zlab, kam to'lab berilgan ish haqini undirish maqsadida joriy yilning mart oyida Fuqarolik ishlari bo'yicha Chirchiq tumanlararo sudiga da'vo arizasi kiritildi. May oyida 72 nafar kadrlar inspektorlariga 151 million 268 ming 890 so'm ish haqi to'liq undirib berildi.
Ma'lumot o'rnida, joriy yilning o'tgan olti oyi davomida tuman adliya bo'limiga fuqarolardan 317 ta murojaat kelib tushgan bo'lib, ularning 272 tasi (85 foizi) hal qilindi. Murojaatlarni ko'rib chiqishda qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish, inson huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida tegishli davlat tashkiloti va muassasalariga 80 ta taqdimnoma, fuqarolik va iqtisodiy sudlarga esa 13 mlrd. 83 million 628 ming so'mlik 76 ta da'vo arizalari kiritildi. Kiritilgan ta'sir choralari natijasida 10 mlrd. 307 million 839 ming so'mlik pul mablag'larining undirilishi ta'minlandi.
Odil Xoliqov,
Qibray tuman adliya bo'limi boshlig'i









