Aholining davlat xizmatlariga bo'lgan ehtiyojini qondirish maqsadida Qibray tumanida markaz uchun yangi bino qurilib foydalanishga topshirildi. Uning tantanali ochilish marosimida Toshkent viloyat hokimi Rustam Xolmatov, Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi direktori Ulug'bek Muhammadiev, tuman hokimligi, adliya bo'limi mas'ullari, davlat va jamoat tashkilotlari xodimlari, mehnat faxriylari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Mazkur binoni davlat-xususiy sherikchilik asosida “HAYOT ALYANS INVEST” mas'uliyati cheklangan jamiyati barpo etdi va zamonaviy axborot texnologiyalari vositalari bilan jihozlandi. endi markazga tashrif buyuruvchilarga davlat xizmatlari keng, yorug' va shinam xonalarda, qulay sharoitda ko'rsatiladi.
— Tumanda 210 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi, — deydi Qibray tumani DXM bo'lim boshlig'i Nodir YUldashev. — Markazimiz orqali aholi va tadbirkorlik sub'ektlariga joriy yilning shu kuniga qadar jami 44 ming 252 ta davlat xizmati ko'rsatildi. YAngi binoda aholiga xizmat ko'rsatish sifati va sonini yanada oshishirishni ko'zda tutganmiz. Markaz yangi binosi Davlat xizmatlari agentligi tashkil etilganligining 3 yilligi oldidan qibrayliklar uchun munosib sovg'a bo'ldi.
Markazda aholiga bir vaqtning o'zida 150 ga yaqin tezkor, qulay, shaffof davlat xizmatlari ko'rsatiladi. elektron navbat olish uchun infokiosk, 26 ta qabul oynasi, kutish joylari, mo''jaz kutubxona, bolalar maydonchasi, bufet, tuman adliya bo'limi, investorlar uchun alohida xona, bank shaxobchasi tashkil etildi. elektron navbat 8ta monitorda ko'rinib turadi. 4 ta o'z-o'ziga xizmat ko'rsatish uchun maxsus burchak tashkil etilgan. Markaz binosida Bosh vazir qabulxonasi ham o'rin olgan. Markazda imkoniyati cheklanganlar uchun ham qulay shart-sharoit yaratilgan.
DXA Toshkent viloyati boshqarmasi
Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo'limi