Qidiruvda boʻlgan “Gryaz” laqabli jinoiy uyushma yetakchisi ushlandi

    Turkiyada qidiruvdan yashirinib yurgan, jinoiy uyushma yetakchisi sifatida ayblangan shaxs xalqaro hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida Oʻzbekistonga qaytarildi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Tezkor-qidiruv departamenti Jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi, Davlat xavfsizlik xizmati hamda mamlakatimizning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi bilan hamkorlikda olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida qidiruvda boʻlgan shaxs Oʻzbekistonga qaytarildi.

    Maʼlum qilinishicha, mamlakatimiz hududida jinoiy uyushma yetakchisi sifatida bir qator jinoyatlarni sodir etishda ayblanib, qidiruvda boʻlgan hamda Turkiya davlatida tergovdan yashirinib yurgan “Gryaz” laqabli, 1993-yilda tugʻilgan Yo.M. joriy yilning 5-dekabr kuni Oʻzbekistonga olib kelingan va tergov organlariga topshirilgan.

    Qayd etilishicha, ushbu shaxs Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 112-moddasi 2-qismi, 164-moddasi 4-qismi, 165-moddasi 3-qismi, 173-moddasi 2-qismi hamda 242-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanib, 2023-yilda Yashnobod tumani IIO FMB tomonidan qidiruvga eʼlon qilingan edi.

    Hozirda ushbu holat yuzasidan tergov harakatlari davom etmoqda.