Qidiruvdagi shaxs YHXB binosida qoʻlga olindi

    Samarqand viloyatining Payariq tumanida 1982-yilda tugʻilgan, hozirda Toshkent viloyatining Qibray tumanida yashovchi fuqaro Z.Ya. odamlar ishonchiga kirishga, oʻzining yolgʻonlari bilan ularni chuv tushirishga ustasi farang boʻlib ketgan.

    U oʻziga shu darajada ishonib, manmanlikka berilib ketganidan ehtiyot boʻlishni unutdi.

    Navbatdagi jabrdiydani chuv tushirib, u bilan spirtli ichimlik isteʼmol qilib transport vositasini boshqardi. Lekin YPX xodimlari uning soxta doʻqlariga, yuqori mansabdagi tanishlari bilan qoʻrqitishiga parvo ham qilmadi. Shunday qilib firibgar birinchi marta “sindi”. Sud uni maʼlum muddatga haydovchilik huquqidan mahrum qildi.

    Har qanday odam bundan keyin oʻziga tegishli xulosa chiqarishi kerak edi. Ammo Z.Ya. bunday qilmadi. Yashash joyi atrofida firibgarligi ish bermay qolgach, oʻzi tugʻilgan Samarqand viloyatiga yoʻl oldi. Bu yerda ham birin-ketin soddadil kishilarni domiga ilintira boshladi. Ishtahasi ochilib, kattaroq firiblarga qoʻl urdi. Ammo odamlar aldanib qolavermaydi, ular IIBga ariza bilan murojaat qildi.

    Z.Ya.ga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qism “a” bandida koʻrsatilgan jinoyatni sodir etgani uchun jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Bundan xabar topgan firibgar juftakni rostlab qoldi.

    Bu orada uning haydash huquqidan mahrum qilingan vaqti tugaydi. Qibrayga qaytib kelgach, haydovchilik guvohnomasini qaytarib olish maqsadida Toshkent viloyati IIBB YHXBning roʻyxatlash va imtihon olish boʻlimiga keladi. Arizalarni rasmiylashtirish uchun hujjatlarini davlat YHXX inspektori, serjant Sh.Qosimovga taqdim etgan Z.Ya. hozirda zamonaviy, innovatsion texnologiyalar yordamida qidiruv ishlari olib borilishini bilmay qoladi va shu yerda “qopqon”ga tushadi. Xodimlar tezda Samarqand viloyatidagi hamkasblari bilan bogʻlanadi. Z.Ya.ni esa viloyat IIBBga topshiradi.

    Endi u Samarqand viloyatida sodir etgan jinoyatlari uchun javob beradi.

    Toshkent viloyati IIBB YHXB Axborot xizmati