Qilichbozlik: bugun sablyachilarimiz litsenzion Jahon kubogidagi ishtirokini boshlaydi

    11-14-mart kunlari boʻlib oʻtadigan Jahon kubogi musobaqasida qilichbozlarimiz oʻz ishtiroklarini boshlaydi.

    Soʻnggi yillarda mamlakatimizda sportga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Buning natijasi oʻlaroq yurtimizdan koʻplab chempionlar yetishib chiqmoqda va ular Vatanimiz bayrogʻini yuksaklarga koʻtarishmoqda. Buning uchun sportchilarga hukumatimiz, qolaversa Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Milliy olimpiya qoʻmitasi tomonidan barcha sharoitlar yaratib berilmoqda, oʻquv-mashgʻulot yigʻinlari va xalqaro musobaqalardagi ishtiroki ham taʼminlanmoqda.

    Qilichbozlikning sablya yoʻnalishi boʻyicha milliy terma jamoamiz aʼzolari Vengriyaga joʻnab ketishgan edi. Ushbu safardan koʻzlangan maqsad, xorijiy oʻquv-mashgʻulot yigʻinini tashkil etish hamda 11-14-mart kunlari boʻlib oʻtadigan Jahon kubogi musobaqasida qilichbozlarimizning munosib ishtirok etishini taʼminlashdan iborat.

    Taʼkidlash joiz, sablyachilarimiz musobaqaga qizgʻin tayyorgarlik koʻrishdi. Vakillarimiz musobaqada kuchli raqiblarga qarshi kurash olib borishadi. Musobaqada Janubiy Koreya, Yaponiya, Argentina, Turkiya, Jazoir, Misr, Qozogʻiston va yana bir qancha davlatlardan eng mahoratli sportchilar ishtirok etishadi.

    Biz qilichbozlarimizga musobaqada muvaffaqiyatli ishtirok etishlari hamda Tokio-2020 Olimpiya oʻyinlariga toʻgʻridan-toʻgʻri yoʻllanma olishlarida omad tilaymiz.

    Jismoniy tarbiya va sport vazirligi

    Matbuot xizmati