Qilichbozlik: Osiyo chempionatining ilk kunida 2 ta oltin va 2 ta kumush

    Singapur menejmenti rivojlantirish institutida qilichbozlik boʻyicha oʻsmirlar va yoshlar oʻrtasida Osiyo chempionati davom etmoqda.

    Musobaqaning birinchi kuni qizlar oʻrtasidagi rapira bahslarida ishtirok etgan Marjona Usmonova Eron va gonkonglik raqibalarini magʻlubiyatga uchratib, final yoʻllanmasini qoʻlga kiritdi. Oltin medal uchun u tailandlik raqibasiga qarshi maydonga chiqdi. Marjona bellashuvda dadil va chaqqon harakatlari evaziga raqibasini magʻlub eta oldi.

    Shu oʻrinda, sablyachi yigitlarimizning ajoyib ishtirokini alohida taʼkidlash joiz. Ikki iqtidorli yigitimiz – Allaniyaz Eshchanov hamda Islombek Abdazov barcha raqiblarini magʻlub etib, finalda oʻzaro bahs olib bordi. Islombek tengdoshidan mahorat bobida ustun ekanligini namoyish etib, gʻalaba nashidasini surdi. Shuningdek, chempionlik yoʻlida shpagachimiz Meyirxan Timurov finalda qozogʻistonlik Bogdan Lukinga imkoniyatni boy berdi.

    Umuman olganda, birinchi kun bahslari barakali boʻldi: qilichbozlarimiz 2 ta oltin hamda 2 ta kumush medaliga ega boʻldi.

    Manba