Qimmatbaho metallar bilan operatsiyalarni amalga oshirishning yangi tartibi belgilandi

    Endilikda jismoniy va yuridik shaxslar oʻlchovli oltin quymalarni bank mobil ilovasi orqali sotib olishi va qayta sotishi mumkin.

    Adliya vazirligi davlat roʻyxatidan oʻtkazgan “Qimmatbaho metallar bilan operatsiyalarni amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarorni (roʻyxat raqami 3698, 2025-yil 3-noyabr) bu haqda belgilangan.

    Qayd etilishicha, banklar bundan buyon oʻlchovli oltin quymalarni oldi-sotdi shartnoma asosida Markaziy bankdan sotib olishi va ularni sotish boʻyicha mustaqil narx belgilashi mumkin.

    Eng muhimi, jismoniy va yuridik shaxslar endilikda oltin yoki kumushning jismoniy boʻlmagan, grammda hisoblanuvchi raqamli koʻrinishini ham mobil ilova orqali real vaqtda sotib olishlari yoki sotishlari mumkin. Ushbu tartib bilan oʻlchovli oltin quymalarni onlayn, tez va oson bank filialga bormasdan olish mumkin, narxlar London qimmatbaho metallar bozori uyushmasining har kungi fiksingi asosida shaffof belgilanadi.

    Bu hujjat bilan investitsiya uchun yangi imkoniyatlar yaratildi, endilikda kichik summa bilan ham investitsiya kiritish mumkin. Bundan tashqari, barcha operatsiyalar bank tizimlari orqali identifikatsiya va autentifikatsiya bilan tasdiqlanadi. Narxlar banklarning rasmiy sayti, mobil ilovasi va ijtimoiy sahifalarida doimiy yangilanib boradi.