Qimmatli qogʻozlar bozorida hiyla-nayrangni oldini olish qoidalari belgilandi

    Hujjatlar 27 May 2025 984

    “Qimmatli qogʻozlar bozorida hiyla-nayrangni oldini olish” qoidalari Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazildi (roʻyxat raqami 3625-son, 27.05.2025-y.).

    Mazkur Qoidalar qimmatli qogʻozlar bozorida hiyla-nayrangni oldini olish va unga yoʻl qoʻymaslik tartibini belgilaydi.

    Istiqbolli loyihalar milliy agentligi qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organi hisoblanadi.

    Qoidalarga koʻra, qimmatli qogʻozlar bozorining professional ishtirokchisi (Ishtirokchi) ga yolgʻon (chalgʻituvchi) vaziyatlar yaratish, shu jumladan quyidagilar taqiqlanadi:

    • mulkdorning oʻzgarishiga olib kelmaydigan bitimni amalga oshirish;
    • yolgʻon yoki boshqa bozor ishtirokchilarini chalgʻitadigan har qanday maʼlumotlarni berish va tarqatish;
    • uchinchi shaxslarni qimmatli qogʻozlarni manipulyatorlar uchun qulay narxda sotib olishga (sotishga) undash maqsadida narxlarini sunʼiy ravishda oshirishga/pasaytirishga, soxta yoki chalgʻituvchi faol savdo taassurotini uygʻotishga qaratilgan harakatlarni sodir etish.

    Qimmatli qogʻozlar savdosining tashkilotchilari va boshqa ishtirokchilar hiyla-nayrang alomatlari mavjud boʻlganda, bu haqda vakolatli organni bitim roʻyxatdan oʻtkazilgan paytdan eʼtiboran 3 kun ichida xabardor qilishi shart.