“Qing‘ir ish”ning “qiyig‘i” fosh bo‘ldi...

    Fuqaro Gʻ.J. oʻzboshimchalik bilan noqonuniy ravishda gaz tarmoqlariga ulanib, hech qanday hujjatlarsiz ohak ishlab chiqarilayotgani aniqlandi.

    Joriy yilning 10-dekabr kuni soat 10-00larda, viloyat Ichki ishlar boshqarmasi xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida Jizzax shahar Xayrobod MFYda yashovchi fuqaro Gʻ.J.ga tegishli boʻlgan, Jizzax shahar Ulugʻbek MFY Toshkent koʻchasida joylashgan hech kim yashamaydigan hovli koʻzdan kechirilganda, oʻzboshimchalik bilan noqonuniy ravishda gaz tarmoqlariga ulanib, hech qanday hujjatlarsiz ohak ishlab chiqarilayotgani aniqlangan.

    Tezkor tadbir davomida 600 kg ohak, 4 dona gaz pechlari va boshqa xom-ashyolar ashyoviy dalil tariqasida hujjatlashtirilib olingan.

    Oʻrganish davomida Gʻ.J. 2022-yil sentyabr oyidan buyon M.Ulugʻbek MFY ichki yoʻnalishdagi 200 diametrli gaz quvuriga 50 diametrli trubani yashirin ravishda ulagani, yordamchi xoʻjaligiga oʻrnatilgan pechlarda ohak pishirish bilan shugʻullanib kelgani aniqlangan. Hozirgi kunda hisob-kitoblarga koʻra, mazkur sexda jami 1.746.360 kub gaz ishlatilgan va uning taxminiy miqdori 1 milliard 746 million 360 ming soʻmni tashkil qilgan.

    Hozirda mazkur holat yuzasidan Jizzax shahar IIB huzuridagi tergov boʻlimi tomonidan JKning 169-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

    Shuningdek, hozirda hududlarda elektr va gaz tarmoqlarini noqonuniy ulagan fuqarolarni aniqlash va ularga qonuniy chora koʻrish boʻyicha ishlar davom ettirilmoqda.