«Qirgʻiz temir yoʻli» kompaniyasi bilan memorandum imzolandi

    Transport 19 Aprel 2023 1249

    Oʻzbekiston va Qirgʻiziston temiryoʻlchilari oʻrtasida oʻzaro koʻp qirrali hamkorlik yuzasidan memorandum imzolandi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi «Oʻzining temir yoʻllariga ega boʻlgan yuridik shaxslarning temir yoʻl transporti xodimlari malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash markazi» davlat muassasasi direktori Suxrob Norqulov Qirgʻiziston Respublikasi Transport va kommunikatsiyalar vazirligi huzuridagi “«Qirgʻiz temir yoʻli» milliy kompaniyasi»» davlat korxonasi bosh direktori Azamat Sakiyev bilan uchrashdi.

    Tomonlar taʼlim va ilmiy tadqiqotlar, temir yoʻlchilarning malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash, temir yoʻl transportida mehnatni muhofaza qilish va xavfsizlik boʻyicha ilgʻor ishlanmalarni joriy etish sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashdi. Uchrashuv davomida ikki muassasa oʻrtasida oʻzaro hamkorlik qilish yuzasidan memorandum imzolandi.

    Shuningdek, tomonlar kelgusida oʻzaro tajriba almashish, kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini yoʻlga qoʻyishda doimiy hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan yoʻl xaritasi ishlab chiqishga kelishib oldi, deb xabar beradi Transport vazirligi matbuot xizmati.