Qirgʻiziston bilan koʻp qirrali hamkorlikni chuqurlashtirish choralari muhokama etildi

    Xalqaro hamkorlik 26 Fevral 2023 1016

    Joriy yil 25-fevralda Toshkent shahrida Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Qirgʻiziston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Milliy investitsiya agentligi direktori Umbriyel Temiraliyev bilan uchrashdi.

    Muloqot chogʻida kimyo va toʻqimachilik sanoati, mashinasozlik, farmatsevtika, charm-poyabzal mahsulotlari ishlab chiqarish, qurilish materiallari, elektrotexnika, shuningdek, energetika, qishloq xoʻjaligi, transport, logistika va turizm sohalarida erishilgan kelishuvlar joriy etilishining hozirgi holati va ularni amalga oshirishni jadallashtirish boʻyicha qoʻshma rejalar koʻrib chiqildi.

    Xususan, ikki davlat hududlarida intensiv bogʻlar va yuqori texnologiyali issiqxonalar tashkil etish boʻyicha kelishuvlarni amalga oshirish masalalari muhokama etildi. Qoʻshma loyihalarning aniq manzillari va tashabbuskorlari belgilandi.

    Shuningdek, energetika sohasidagi hamkorlik yuzasidan fikr almashildi. Qambarota GES-1 qurilishi doirasida zarur boʻlgan hujjatlar tayyorlanayotganligi taʼkidlandi.

    Ikki mamlakat ishlab chiqaruvchilari oʻrtasida sanoat kooperatsiyasini kengaytirish va oʻzaro bogʻlangan qoʻshilgan qiymat zanjirlarini yaratish maqsadida investitsiya tashabbuslarini birgalikda moliyalashtirishning muhim vositalaridan biri hisoblangan Oʻzbekiston-Qirgʻiziston taraqqiyot jamgʻarmasi faoliyati koʻrib chiqildi.

    Muzokaralar yakunida muhokama etilgan barcha yoʻnalishlar boʻyicha yaqin hamkorlikdagi ishlarni davom ettirishga tayyorlik bildirildi va muhokama qilingan loyiha va tashabbuslarni amalga oshirishni jadallashtirish doirasida kelgusida hamkorlik qilish formati kelishib olindi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.