Qirg'iziston fan, oliy ta'lim va innovatsiya vaziri mast holda mashina boshqargani uchun ishdan olindi

    Qirg'iziston fan, oliy ta'lim va innovatsiya vaziri Baktiyar Orozov mast holda mashina boshqarayotganida qo'lga olindi. Bu haqda OAV Qirg'iziston Ichki ishlar vazirligi Yo'l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi rasmiylariga tayanib xabar berdi.

    Manbalarga ko'ra, Baktiyar Orozov 15-dekabr kechasi Chuy viloyati Yo'l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari tomonidan Koy-Tosh qishlog'ida mast holda mashina boshqarganlikda gumon qilinib hibsga olingan.

    Tekshiruv davomida shifokorlar uning organizmida alkogol borligini tasdiqlashdi. Baktiyar Orozovning o'zi videoda ikkita krujka pivo ichganini aytdi.

    Ichki ishlar vazirligi Yo'l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi keyinroq qo'shimcha ma'lumotlarni e'lon qiladi.

    Baktiyar Orozov shu yilning may oyida Fan, oliy ta'lim va innovatsiya vaziri etib tayinlangan edi. Bungacha u Qirg'iziston Respublikasi ta'lim va fan vazirining birinchi o'rinbosari va adliya vazirining o'rinbosari lavozimlarida ishlagan, deb xabar berdi 24.kg.