Ta'mirlangan ko'prik Qirg'izistonning Qaytpas-O'tukchu yo'li ustida joylashgan. Bu ko'prik O'zbekiston bilan chegarada joylashgan bo'lib, O'zbekistonning So'x anklavi bilan bog'laydi.
Ko'prik qayta tiklash ishlari 2024-yilning aprelidan boshlandi. Shu munosabat bilan Qaytpas-O'tukchu trassasi vaqtincha yopilgan. Asosiy yo'l yopilgani bois fuqarolar So'x tumaniga bir muddat Botken tumanining Apkan qishlog'i orqali o'tgan yo'l bo'ylab borib kelishiga to'g'ri keldi.
Oldinroq ko'prikni tekshirgan mutaxassislar uni harakat uchun xavfli deb topgan edi. Mazkur yo'lda harakatlanish intensivligi sababli qo'shimcha ko'prik ustunlarini o'rnatish to'g'risida qaror qabul qilindi.
Ta'mirlash davomida ko'prikka yangi asfalt yotqizildi.
Ko'prikning umumiy uzunligi 72 metrni tashkil qiladi. Uni qayta tiklash ishlari Qirg'iziston Transport va kommunikatsiyalar vazirligi tomonidan amalga oshirildi.
Ko'prik 10-iyuldan boshlab harakat uchun qayta ochildi, deb xabar beradi osh.turmush.kg.