Qirgʻiziston parlamenti bilan hamkorlik yanada kengaytiriladi

    Xalqaro hamkorlik 17 Mart 2023 732

    Joriy yil 17-martda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva Oliy Majlis va Jogorku Kenesh oʻrtasida hamkorlik boʻyicha parlamenlararo komissiyaning navbatdagi yigʻilishida ishtirok etish uchun mamlakatimizga tashrif buyurgan Qirgʻiziston Respublikasi Jogorku Keneshi Toragʻasi oʻrinbosari Nurlanbek Azigaliyev boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Muloqot chogʻida parlamentlararo hamkorlik dinamikasi, uni istiqbolda yanada jadallashtirish, bunda hali ishga solinmagan imkoniyatlardan foydalanish zarurligiga eʼtibor qaratildi.

    Senat Raisi Qirgʻiziston Jogorku Keneshi bilan hamkorlikni mustahkamlash uchun barcha saʼy-harakatlarni davom ettirishga va oʻzaro manfaatli ikki tomonlama munosabatlarning mavjud salohiyatini maksimal darajada oshirishga qatʼiy eʼtibor qaratilishini taʼkidlab oʻtdi.

    “Ikki mamlakat parlamentlarining hozirgi bosqichdagi asosiy vazifasi yuqori darajadagi ikki tomonlama kelishuvlarni amalga oshirishda koʻmak va qoʻllab-quvvatlashni koʻrib turibmiz. Parlamentlarimiz oʻrtasidagi hamkorlik boʻyicha Parlamentlararo komissiya oʻziga bildirilgan umidlarni oqlayapti. Shu nuqtai-nazardan komissiyaning yigʻilishi kun tartibi tomonlar uchun dolzarb boʻlgan siyosiy, iqtisodiy, transchegaraviy, mintaqaviy va madaniy-gumanitar hamkorlik masalalarini qamrab olgan”.

    Oʻz navbatida Nurlanbek Azigaliyev Qirgʻiziston va Oʻzbekiston oʻrtasidagi munosabatlarda soʻnggi yillarda shiddat bilan rivojlanayotgan parlamentlararo aloqalar muhim oʻrin tutishini taʼkidlab oʻtdi.

    “Biz hamkorlikni bundan keyin ham kengaytirishdan manfaatdormiz. Toʻgʻri taʼkidlab oʻtganingizdek, oʻzaro munosabatlar nafaqat parlamentlar oʻrtasida balki, qoʻmitalararo ham aloqalarni mustahkamlash zarur. Parlamentlarimiz muloqoti nafaqat mamlakatlarimiz oʻrtasidagi keng koʻlamli munosabatlarni kengaytirishga balki, ikki davlatning barcha muhim yoʻnalishlarda hamkorlikdagi harakatlarini huquqiy jihatdan mustahkamlash yoʻlida qonunchilikni takomillashtirishda muhim omil boʻladi”.

    Uchrashuv yakuni boʻyicha ikki tomonlama va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar yuzasidan muntazam ravishda hamkorlik qilish va fikr almashishni davom ettirishga kelishib olindi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.