Boʻlajak oliy darajadagi muzokaralarda Oʻzbekiston bilan Qirgʻiziston oʻrtasidagi doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yana-da rivojlantirish va mustahkamlash masalalarining barcha yoʻnalishlarini koʻrib chiqish rejalashtirilgan.

Ikki mamlakat yetakchilari uchrashuvining kun tartibidan konstruktiv siyosiy muloqotni davom ettirish, savdo, sanoat, transport, energetika, qishloq va suv xoʻjaligi sohalarida koʻp qirrali hamkorlikni kengaytirish, parlamentlararo va hududlararo aloqalarni faollashtirish, madaniyat, sogʻliqni saqlash, taʼlim va turizm borasidagi qoʻshma dasturlarni amalga oshirishning dolzarb jihatlari oʻrin olgan.

Xalqaro siyosat va mintaqaviy hamkorlik masalalari yuzasidan fikr almashiladi.

Muzokaralar yakunida davlat rahbarlarining Qoʻshma bayonoti qabul qilinishi, shuningdek, ikki tomonlama munosabatlarning turli yoʻnalishlariga aloqador qator hukumatlararo va idoralararo hujjatlar imzolanishi koʻzda tutilgan.

Tashrif dasturiga muvofiq Qirgʻiziston Prezidenti Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining ikkala palatasi rahbarlari va Bosh vaziri bilan ham uchrashuvlar oʻtkazadi, mamlakatimiz sanoat korxonalari faoliyati bilan tanishadi.